20.02.2024
Oʻlik dengiz haqiqatan ham gʻalati. “Oʻlik dengiz” Yer yuzidagi eng gʻayrioddiy suv havzalaridan biriga odam tomonidan berilgan yagona nom emas. Bu dengizni “oʻlik” deb ilk bor qadimgi yunonlar atay boshlagan. Qadimgi yahudiylar uni “shoʻr” deb atagan. Arab mualliflari uni asarlarida “badboʻy hidli dengiz” deb tilga olgan. Bu dengizning oʻziga xos xususiyati nimada? Aslida bu Iordaniya va Isroil oʻrtasida joylashgan, ulkan shoʻr koʻldir. U chuqurlikda yoki ushbu mintaqa Yer qobigʻida mavjud boʻlgan yoriqda hosil boʻlgan. Oʻlik dengizning boʻyi taxminan 75 km ga choʻzilgan, eni esa turli joylarda turlicha — 5 dan 18 km gacha yetadi.
Oʻlik dengiz yuzasi okean sathidan 400 m pastda joylashgani ajablanarli holdir. Janubiy qismi unchalik chuqur emas, ammo shimolda chuqurlik 400 m gacha yetadi. Oddiy koʻllardan farqli oʻlaroq, Oʻlik dengizdan bitta ham daryo oqib chiqmaydi, lekin oʻzi shimoldan unga oqib tushadigan Iordan daryosining va atrofdagi tepaliklarning yonbagʻirlaridan oqib keladigan, koʻplab kichik jilgʻalarning suvi bilan toʻyinadi.
Dengizdagi ortiqcha suvning yagona chiqarilish usuli — uning bugʻlanishi. Natijada uning suvida oshtuzi, kaliy karbonat (ishqor), xlorid va magniy bromidi kabi mineral tuzlarning gʻayrioddiy yuqori konsentratsiyasi hosil boʻlgan. Shuning uchun Oʻlik dengiz dunyodagi eng shoʻr dengizdir. Uning suvidagi tuzlar konsentratsiyasi okeandagiga nisbatan 6 baravar yuqori. Bu suvning zichligini shunchalik oshiradiki, odam hech qanday kuch sarflamasdan poʻkak kabi suza oladi. Oʻlik dengiz qimmatbaho moddalarning ulkan manbai boʻlib xizmat qilishi mumkin. Olimlarning hisob-kitoblariga koʻra, uning tarkibida dala oʻgʻitlarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan 2 000 000 tonna ishqor mavjud.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.