Dunyodagi eng kichik davlat qaysi?

“Davlat” soʻzini ishlatganimizda odatda maʼlum bir hudud va oʻz hukumatiga ega boʻlgan, mustaqil mamlakatni nazarda tutamiz. Dunyodagi eng kichik mustaqil davlat — Vatikan. U Italiya poytaxti, Rimning markazida joylashgan va atigi 44 gektar (0,44 km²) maydonga ega. Bu katoliklar cherkovining yuqori boshqaruv organlari joylashgan joy.

Vatikan davlat rahbari — papa mamlakatni oʻzi tayinlaydigan gubernator orqali boshqaradi. Vatikanning oʻz bayrogʻi, pochtamti, temiryoʻl stansiyasi va hatto pul birligi bor. Shuningdek, u oʻzining telefon tarmogʻi va radioeshittirish stansiyasiga ham ega. Moliyaviy xarajatlar uchun mablagʻlar asosan butun dunyo katoliklarining xayriyalari va turizmdan olinadi. Vatikan ichida, bogʻlar orasida Vatikan saroyi — papaning qarorgohi boʻlgan avliyo Pyotr sobori joylashgan. Papa saroyida muzeylar va kutubxona oʻrin olgan. Saroyning butun bir qanotini egallagan Vatikan kutubxonasi dunyodagi eng yiriklaridan biridir. Vatikan boshqa mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlar yuritadi. U yerga dunyoning turli burchaklaridan davlat vakillari keladi.

Katolik cherkovi rahbarlari uzoq yillar davomida Italiyaning markaziy qismidagi juda keng hududni boshqargan. Papa viloyati deb nomlangan bu yerlar 1859-yilda deyarli 32000 kv km dan iborat boʻlgan. 1870-yilda Rim Italiyaning poytaxtiga aylangan. Papaning eʼtiroziga qaramay papa viloyati Italiya qirolligiga aylangan. Papa va Italiya hukumati oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, 1929-yilda Vatikan davlati paydo boʻlgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!