20.02.2024
Suv parilari hech qachon boʻlmagan. Ular faqat xalq afsona va rivoyatlarida mavjud boʻlib, dengizda yashaydigan yarimqiz, yarimbaliq koʻrinishidagi goʻzal jonzotlar sifatida taʼriflanadi. Qadimgi yunon mifologiyasida sirenalar (yunon afsonalarida boshi ayol, tanasi qush qiyofasidagi suv parisi) suv parilari boʻlib, dengizchilarni kuylari bilan shunchalik maftun etganki, ular jozibali chaqiruv sari oʻzini dengizga tashlab, gʻarq boʻlgan. German rivoyatlarida ular daryo tubidagi qasrda yashaydigan reyn qizlari deb atalgan. Hatto Shimoliy Amerika hindularida ham suv parilari haqidagi afsonalar bor. Afsonalarning koʻpchiligida suv parilari belgacha inson qiyofasida va oyoqlari oʻrniga baliq quyrugʻi boʻlgan mavjudotlar sifatida tasvirlangan.
Rivoyatlarda suv parilaridan tashqari suv alvastilari — erkak jinsidagi jonzotlar haqida ham gap boradi. Qadimgi afsonalarga koʻra, ular koʻpincha qizlarni sevib qolib, olib qochgan yoki tuzoqqa ilintirgan. Bu afsonalar nimaga asoslanganligini aytish qiyin. Balki ularning muallifligi yuzlab va minglab yillar oldin kemalarida okean osha sayohatlar qilgan birinchi sayohatchi va tadqiqotchilarga tegishlidir. Ilgari hech qachon kemalarni koʻrmagan ibtidoiy xalqlar suv parilarini dengiz tubidan koʻtarilib chiqqan va shuning uchun ularning ekipaji yarim baliq, yarim odamlardan iborat deb hisoblagandir. Balki bu afsonalarning yaratilishiga odamlarning tashqi koʻrinishi odamga oʻxshash dengiz hayvonlarini uchratgani sabab boʻlgandir. Ehtimol, baʼzida tyulen, morj yoki dengiz sigirlari sirli va yarimodam sifatida qabul qilingan boʻlishi ham mumkin.
Turli mamlakatlarda suv parilari haqida turli xil afsonalar paydo boʻlgan. Ayrimlarda ular kelajakni bashorat qilish hamda odamlarga gʻayritabiiy kuch va imkoniyatlar berish qobiliyatiga ega. Oddiy yigitni sevib qolgan suv parisi u bilan birga yashash uchun dengizni tark etgani, lekin keyinchalik yori vaʼdasini buzgani sababli haqiqiy uyiga qaytgani haqida ertak bor. Boshqa bir afsonada esa, aksincha, suv parisi odamni shu qadar maftun etadiki, yigit u bilan birga yashash uchun dengiz tubiga ketadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.