Qirol Artur haqiqatan ham bo‘lganmi?

Koʻpchiligimiz qirol Artur va uning ritsarlari haqidagi hikoyalarni oʻqiganmiz. Bu hikoyalar oʻylab chiqarilgan deb hisoblanadi. Ammo koʻpchilik hollarda afsonalar haqiqiy faktlarga asoslanadi. Bu holatda ham shundaymi? Hech kim qirol Arturning haqiqatda boʻlgani yoki boʻlmaganini ayta olmaydi.

Koʻpchilik tarixchilarning fikriga koʻra, qirol Artur haqidagi afsonalar V–VI asrlar oraligʻida Britaniyada yashagan qabilalardan birining buyuk rahbari shaxsiyati bilan bogʻliq. Rimliklar Angliyani qariyb 400 yil davomida boshqargani tufayli qirol Arturning tomirlarida rimlik va brittlarning aralash qoni oqqan boʻlishi ham mumkin. U sakson bosqinchilariga qarshi chiqqan katta armiyaning boshida turgan boʻlishi ehtimoli ham bor. Arturni Uelsda ham, Angliyada ham xotirlab, hurmat qilishgan. U haqidagi hikoyalar avloddan avlodga oʻtib kelgan va ularning har biri bu hikoyalarni oʻziga xos tarzda boʻrttirgan.

Oxir-oqibat Artur Yer yuzida yashagan eng buyuk qahramonlardan biriga aylandi. U dahshatli yirtqich maxluqlarni oʻldirgan, sehrgarlik sirlarini ishlata olgan hamda buyuk va mehribon qirol boʻlgan. Artur qalʼasi aynan qayerda boʻlganini hech kim bilmaydi. Angliyada uni qirol oʻrnatishi mumkin boʻlgan oltita joy koʻrsatiladi. Arturni tilga olgan birinchi muallif VIII asrda yashagan uelslik tarixchi boʻlgan. Keyingi 400 yil ichida qirol haqida bironta ham satr yozilmagan. Ammo XII asrga kelib, qirol Artur haqidagi hikoyalar keng tarqala boshlagan. Ularning eng qadimgilari lotin tilida yozilgan.

Ammo koʻp oʻtmay shoirlar uning xatti-harakatlarini ingliz va fransuz tillarida ham kuylay boshlagan. XV asrda ser Tomas Melori qirol Artur haqidagi koʻplab ogʻzaki hikoyalarni “Arturning oʻlimi” nomli kitobda toʻplagan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!