Axill kim?
Axill haqida. Axilles tovoni iborasi mohiyati.
2 min
Tarix

Koʻpchiligimiz kimningdir yoki biror narsaning zaif joyini anglatadigan “Axilles tovoni” iborasini eshitganmiz. Axilles yoki boshqacha qilib aytganda, Axill kim? U qadimgi Yunonistonning qahramonlaridan biri. Dengiz maʼbudasi Fetida “oʻqoʻtmas”, kuchli boʻlishi uchun oʻgʻli Axillni yerosti daryosi — Stiksda choʻmiltirgan. Natijada onasi uni suvga botirgan vaqtda ushlab turgan tovonidan tashqari, Axillesning butun tanasi zirhdan ham mustahkamroq boʻlgan.

Keyinchalik bu mashʼum holat uning taqdirini belgilab bergan. Axill ulgʻayib, u bilan uchrashganlarning koʻzini quvontiradigan, oddiy odamlar orasida eng kuchli va tezkor harakat qiladigan, koʻrkam yigitga aylangan. Oxir-oqibat u Troya bilan boʻlgan urush paytida yunon jangchilari orasida eng mashhuri va butun yunon qoʻshinining umidi boʻlgan.

Biroq yunonlar sardori Agamemnon Axill asir olgan Xriseida ismli qizni undan tortib olgandan soʻng Axill gʻazablanib, jangni davom ettirishdan bosh tortadi. Oʻz qahramonisiz qolgan yunonlar troyanlarning toʻsatdan qilgan hujumiga qarshi tura olmaydi. Shunda Axill yaqin doʻsti Patroklga oʻz qurol-aslahasida jangda qatnashishiga ruxsat bergan. Ammo Patrokl troyan qahramoni, Gektorning qo‘lida halok boʻlgan va Axillning aslahalari unga oʻtgan. Voqeadan xabar topgan Axill gʻazabini jilovlab, doʻsti uchun qasos olishga qaror qilgan. Agamemnon bilan yarashib, u maʼbud Gefest qoʻlidan yangi qurol-aslaha va qalqonni olib, jangga kirgan. U Gektorni yakson qilgan. Qasos xumoridan chiqish uchun u Gektorning jasadini Patrokl qabri atrofida sudragan.

Gektorning akasi Paris keyinchalik janglarning birida Axillga zaharlangan oʻq otib, qahramon tanasidagi yagona zaif joy boʻlgan — tovonini yaralagan. Shundan keyin Axill olgan jarohatidan vafot etgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!