20.02.2024
Aks-sado nima? Uning sababini va suvdan oʻta olish-olmasligini aniqlab olaylik. Tovush ochiq havodagi manbadan sekundiga 375 metr tezlikda tarqaladi. U suvga tushgan toshdan paydo boʻladigan doiralar kabi toʻlqinlar holida tarqaladi. Tovush toʻlqinlari lampochkaning yorugʻligi kabi har tomonga yoyiladi. Xuddi yorugʻlik aks etganidek, tovush ham toʻsiqqa duch kelganda aks etishi mumkin.
Tovush aks etganda, u aks-sado sifatida eshitiladi. Shuning uchun, aks-sado aks etish natijasida takrorlanadigan tovushdir. Hamma toʻsiqlar ham aks-sado bermaydi: tovushni aks ettirish oʻrniga uni yutadigan baʼzi narsalar mavjud. Agar tovush qandaydir toʻsiqdan aks etsa, faqat bitta aks-sado eshitiladi. Bu oddiy aks-sado. Agar tovush ikki yoki undan ortiq toʻsiqdan aks etsa, aks-sado koʻp marta takrorlanishi mumkin. Ammo har safar aks-sado susayib borib, butunlay yoʻqoladi. Aks-sado bir martadan ortiq takrorlanganda, u murakkab aks-sado yoki reverberatsiya deb ataladi.
Aks-sadoni tovushni aks ettiruvchi sirtdan biroz uzoqlashgunga qadar, alohida tovush sifatida eshitib boʻlmaydi. Shu tufayli tovush va aks-sado oʻrtasida vaqt farqi boʻladi. Masalan, devorgacha masofa 167 metr boʻlsa, aks-sado bir soniyada qaytadi.
Aks-sadoning suvdan oʻta olishi tovushning suvdan oʻtish xususiyatiga bogʻliq, biz esa tovush suvda tarqalishini bilamiz. Suvda tovush tarqalish tezligi sekundiga 1430 metrni tashkil qiladi. Tovushning suvda aks-sado berish qobiliyati katta foyda keltiradi. Kemalar koʻpincha suvostida tovush signallarini yuboradigan va qabul qiladigan asboblar bilan jihozlanadi. Yoʻnaltirilgan signallarni yuborish va aks-sadoning qaytish vaqtini aniqlash orqali shturman kemasidan okean tubigacha, yaqin atrofdagi har qanday kema yoki toʻsiqqacha boʻlgan masofani oʻlchashi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.