O‘simlik va hayvonlar cho‘lda qanday yashaydi? 

Choʻllarning xilma-xil turi bor. U yerda baʼzida yil davomida jazirama boʻladi, bundan hatto qum va toshlar ham nola qiladi. Gobi choʻllarida esa jazirama yoz oʻrnini juda sovuq qish egallaydi. Choʻl shunday mintaqaki, unda faqat aynan mana shu choʻlda yashashga moslashgan tirik organizmlarning maxsus turlari mavjud boʻlishi mumkin. Masalan, barchaga yaxshi tanish boʻlgan Meksika choʻllarida yashovchi kaktuslar qalin, etli poya va haqiqiy barglar oʻrniga tikanlarga ega. Umuman olganda, choʻllarda oʻsadigan butasimon oʻsimliklar juda kichik barglarga ega yoki ular umuman boʻlmaydi. Barglarning kichik yuzasi oʻsimlikdan juda koʻp namlik bugʻlanishiga yoʻl qoʻymaydi.

Choʻl oʻsimliklarining koʻpchiligi tikanlarga, boshqalari esa yoqimsiz taʼm va hidga ega. Ular shu tarzda oʻzini hayvonlardan himoya qilib, yem boʻlishdan saqlanadi. Qurgʻoqchil yoki sovuq mavsumda oʻsimliklar odatda “uyqu holatida” boʻladi yoki bunday davrda omon qolishga qodir urugʻlarni yetishtiradi. Oʻsish vaqti kelganda urugʻlar unib chiqadi va tezda gullab, yangi urugʻ hosilini beradigan, yangi oʻsimliklarni paydo qiladi. Bir necha hafta yoki oydan keyin oʻsimlik yana uyqu holatiga oʻtadi. Choʻllarda yashovchi barcha hayvonlarning uzoq vaqt suvsizlikka chidash yoki bir-biridan uzoq masofada joylashgan suv manbalariga yetib borish qobiliyati boʻlishi kerak.

Choʻlda yashashga moslashgan hayvonning ajoyib namunasi bu — tuya. Uning oyogʻida qizigan qum ustida yurishni osonlashtiradigan maxsus “yostiqcha”lar, suv toʻplanadigan oshqozon, yogʻli oʻrkach — oʻsimlik boʻlmagan yerlar orqali uzoq yurishlar paytida zarur boʻladigan energiya zaxirasi va qum boʻronlari paytida oʻpkaga qum tushishining oldini olish uchun mahkam yopiladigan burun teshiklari bor. Choʻlda yashaydigan koʻplab mayda jonivorlar umuman suv ichmaydi. Ular namlikni oʻsimlik sharbati, barg va toshlardagi tungi shudringdan oladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!