20.02.2024
Ham suvda, ham quruqlikda yashovchilarning yana bir nomi — amfibiya boʻlib, u “ikki xil tarzda hayot kechiruvchi” degan maʼnoni anglatuvchi yunoncha soʻzdan kelib chiqqan. Amfibiyalarning koʻpchiligi hayotining dastlabki qismini suvda oʻtkazib, keyin quruqlikka koʻchib oʻtadi. Amfibiyalarning uchta guruhi mavjud: qurbaqa, salamandra va chuvalchanglar. Har xil turdagi tritonlar salamandralarga mansub. Chuvalchanglar — uyada yashaydigan jonzotlar. Ularning na oyogʻi, na koʻzi bor. Amfibiyalarning 1040 dan ortiq turi mavjud. Yaponiyada uchraydigan va 1,5 m gacha oʻsishi mumkin boʻlgan, ulkan salamandradan tashqari barchasining uzunligi bir metrga yetmaydi.
Garchi qurbaqalar juda tez harakat qila olsa-da, amfibiyalarning aksariyati kuch yoki harakatlanish tezligi bilan ajralib turmaydi. Ularning koʻpchiligi yolgʻizlikka moyilligi va koʻzga tashlanmaydigan rangi bilan himoyalanadi. Bundan tashqari, deyarli barcha amfibiyalarning teri bezlari zaharli moddalar ishlab chiqarishga qodir va bu dushmanlardan eng yaxshi himoya vazifasini bajaradi.
Voyaga yetgan amfibiyalarning aksariyati oʻpkaga ega boʻladi, ammo ular teri bilan ham nafas oladi. Amfibiyalarni odatda faqat issiq va moʻtadil iqlimli joylarda uchratish mumkin. Ular odatda shoʻr suvda yashamaydi. Koʻproq quruqlikda yashaydigan, voyaga yetgan amfibiyalar urchish davrida suvga qaytishi mumkin. Ular bu yerda tuxum qoʻyadi, dunyoga kelgan yosh avlod ham hayotining dastlabki davrini itbaliqlar shaklida asosan oʻsimliklardan oziqlanib shu yerda oʻtkazadi.
Ayrim amfibiyalar tuxumlarini juda gʻalati usullarda parvarish qiladi. Braziliyada uchraydigan daraxt baqasining urgʻochisi tuxumlar uchun loydan uya qurgan vaqtda erkagi vaqillab oʻtiradi. Surinam qurbaqasi tuxumlarni orqasida koʻtarib yuradi. Uvuldiriqlarini suvda himoyasiz qoldiradigan amfibiyalar odatda birdaniga yuzlab urugʻni yopishqoq moddalar bilan tasma yoki toʻp shaklida birlashtirib sochadi. Oʻz avlodiga gʻamxoʻrlik qiladiganlari esa kamroq uvuldiriq qoʻyadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.