20.02.2024
Dunyodagi eng qiziqarli hasharotlardan biri beshiktervatardir. Baʼzan odamlar uni “bashoratchi” yoki “xachir qotili” deb ham ataydi. Oxirgi nom bu hasharotning soʻlagi xachirni zaharlashi mumkin degan fikrdan kelib chiqqan. Beshiktervatar uzun va ingichka tanaga ega hasharot boʻlib, harakatsiz boʻlganida uzun old oyog‘i xuddi ibodat qilayotdek koʻtarilib, yigʻilib turadi. Ammo bu vaqtda beshiktervatar aslida ibodat emas, ov qilayotgan boʻladi.
Beshiktervatar chindan ham eng qonxoʻr mavjudotlardan biri boʻlib, uni bemalol “qotil” yoki kannibal deb atash mumkin. Beshiktervatar boshqa hasharotlar bilan oziqlanib hayot kechiradi. Ov paytida u qopqonga oʻxshash old oyoqlarini oldinga chiqarib, oʻtib ketayotgan har qanday hasharotni ushlashga tayyor holatda, harakatsiz oʻtiradi. Aynan hujumga doim tayyor boʻlish zarurati tufayli beshiktervatarning old oyog‘i yuqoriga koʻtarilib turadi. Old oyoqning ichki tarafidagi oʻtkir kertiklar unga oʻljasini ushlab turishga yordam beradi. Beshiktervatar toʻrtta orqa oyogʻida harakatlanadi yoki bir joydan ikkinchi joyga uchib oʻtadi.
Aytgancha, beshiktervatar boshini orqaga burib, yelkasi osha ortga qarashga qodir boʻlgan yagona hasharotdir. Beparvo pashshani koʻrgan beshiktervatar old oyog‘ini yashin tezligida harakatlantirib ushlaydi va shoshmasdan oʻljasini yeyishni boshlaydi. Beshiktervatar oilasida taxminan 800 ga yaqin tur mavjud. Ular asosan uzunligi 5 sm gacha boʻlgan jigarrang yoki yashil qanotli hasharotlardir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.