Sakkizoyoqlar qanday oziqlanadi?

Suvostida sakkizoyoqqa duch kelsangiz, undan uzoqroq turing. Albatta, sakkizoyoq tashqi koʻrinishi biz uni tasavvur qilganimiz qadar xavfli emas. Shunga qaramay, u bilan uchrashuv noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Gap shundaki, u tishlashi mumkin va bu esa zaharlidir.

Sakkizoyoqning toʻtiqush tumshugʻiga oʻxshash juda kuchli jagʻi bor. Tishlashi juda ogʻriqli boʻlishidan tashqari, sakkizoyoq bu vaqtda zahar ham yuborishi mumkin. Odatda sakkizoyoq zahardan ov paytida foydalanadi. Masalan, u dengiz qisqichbaqasini falaj qilib, uni hech qanday qiyinchiliksiz yeb yuborishi mumkin. Sakkizoyoqning yoqtirgan ovqati dengiz qisqichbaqasi, baliq va boshqa dengiz hayvonlari boʻlib, ularni soʻrgʻichlari bilan ushlab, jagʻi yordamida boʻlaklarga boʻlib tashlaydi. Ammo och sakkizoyoq ovqat tanlamaydi. U ushlab, parchalay oladigan deyarli hamma narsani yeydi.

Sakkizoyoqning sakkizta paypaslagichi unga gʻayrioddiy koʻrinish beradi. Ular juda uzun va egiluvchan boʻlib, ularning pastki qismida istalgan oʻljani tutib, uni mahkam ushlashga yordam beradigan soʻrgʻichlar qatori joylashgan. Sakkizoyoq harakatlanish uchun bu uzun paypaslagichlaridan foydalanmaydi. Tanasining orqa qismida voronkasimon sifon boʻlib, uning yordamida katta kuch bilan suv oqimini chiqarishga qodir. Bu unga juda tez harakatlanish imkonini beradi.

Qadimgi yunon va rimliklar isteʼmol qilish uchun sakkizoyoq ovlaganidan xabaringiz bormi? Rimliklar uni juda tansiq taom deb hisoblagan. Hatto hozirgi vaqtda ham yunonlar, italiyalik va xitoyliklar tuzlangan yoki quritilgan sakkizoyoqni ishtaha bilan isteʼmol qiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!