20.02.2024
Qadimgi zamonda uzoq mamlakatlarga sayohat qilish uzoq muddatli va xavfli tadbir boʻlgan. Buni bajarishga jurʼat etganlar uyga eson-omon qaytib kelganidan soʻng begona yurtda duch kelgan gʻalati va ajoyib narsalar haqida gapirib bergan. Koʻpincha gap gʻayrioddiy va dahshatli afsonaviy hayvonlar haqida ketgan. Ogʻizdan ogʻizga oʻtgan bu hikoyalar vaqt oʻtishi bilan yanada hayratlanarli koʻrinish olgan. Dengizchilar uzunligi 60, qalinligi esa 6 metr boʻlgan va odamlarni yutib yuborishga qodir, dahshatli moviy koʻzli dengiziloni, dengizlarda yashaydigan, dengizchilarni dengiz qaʼriga chorlaydigan, uzun yashil sochli hamda yaltiroq tangachali, dumi bor suvparilari haqida soʻzlab bergan.
Baʼzi sayohatchilar oʻzi tashrif buyurgan uzoq mamlakatlarda gʻalati jonzot — yakkashoxni uchratganini aytgan. Bu hayvonning boshi va tanasi otnikiga, yuzidagi soqol echkinikiga, dumi esa shernikiga oʻxshagan. Ammo eng muhimi, yakkashoxning peshonasida sehrli kuchga ega, uzun burama shox boʻlgan. Aytishlaricha, uning yordamida suyuqlikda zahar borligini aniqlash mumkin boʻlgan va shu sababli bu shoxlarni qidirish uzoq vaqt davomida olib borilgan.
Koʻp odamlar yakkashox mavjudligiga ishongan boʻlsa ham, aslida u hech qachon boʻlmagan va shuning uchun bu qidiruvlar natija bermagani aniq. Koʻpchilik mavjud deb hisoblagan yana bir afsonaviy grifon — sher va burgutning chatishmasi boʻlgan. Yunonlarning kentavr — yarimodam, yarimot haqidagi hikoyalari bor. Dahshatli otashnafas ajdaholarga boʻlgan ishonch ham juda keng tarqalgan. Zamonaviy olimlar qaysi haqiqiy hayvonlar afsonaviy mavjudotlarning prototipiga aylanganini tushunishga harakat qilsa-da, odamlar nega yakkashox, kentavr va grifonlar borligiga ishonganini hech kim bilmaydi. Aytgancha, yakkashox deb ataladigan qadimgi rus toʻplarida yakkashox tasviri boʻlgani qiziq.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.