20.02.2024
Biz ayrim gʻalati koʻrinishga ega jonivorlarni eshitmaydi, koʻrmaydi yoki uxlamaydi deb oʻylashga odatlanganmiz. Chigirtka xuddi shunday mavjudotlardan biridir. Ha, koʻp jihatdan bu gʻayrioddiy mavjudot, lekin shakllangan fikrdan farqli oʻlaroq, uning qulog‘i bor va u eshitadi!
Chigirtkalarning turi koʻp, ammo ularning barchasi bir xil koʻrinishga ega. Barcha chigirtkalarning kuchli jagʻi, uch juft oyogʻi va koʻp hollarda ikki juft qanoti ham bor. Qanotining birinchi jufti qattiq va tekis, ikkinchisi esa pardali bo‘lib, birinchi juft qanotlarining ostiga yigʻiladi. Chigirtka sakrash uchun foydalanadigan orqa oyogʻi gʻayrioddiy tarzda uzun va yaxshi rivojlangan. Chigirtkalar moʻylovining uzunligiga koʻra ikki asosiy guruhga boʻlinadi: uzun va kalta moʻylovli.
Sarancha nomi bilan ham tanilgan chigirtkalar, ya’ni kalta moʻylovli chigirtkalar guruhiga oddiy jigarrang dala chigirtkalari kiradi. Chigirtkalarning bu turi orqa oyogʻi bilan old qanotini tebratib “kuylaydi”. U tovushni qorin boʻshligʻiga orqa oyogʻi birlashgan yerda joylashgan qulogʻi bilan eshitadi. Yashil oʻtloq va tor qanotli chigirtkalar mansub boʻlgan uzun moʻylovli chigirtkalar oʻz tanasidan uzunroq moʻylovlarga ega.
Barcha turdagi chigirtkalarning faqat erkagi old qanotini bir-biriga ishqalab “kuylaydi”. Bu chigirtkalarning qulogʻi oldingi oyoq juftligida joylashgan. Ularning qulogʻi juda gʻayrioddiy va kutilmagan joyda oʻrnashgan boʻlsa-da, chigirtkalar eshitish qobiliyatiga ega.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.