20.02.2024
Hayvon terisi yoki patini tashlab, ularni yangilashini tullash deb ataymiz. Hayvon, sudralib yuruvchi, qush va hatto baʼzi hasharotlar ham tullaydi. Qushlarda hayoti davomida turli xil pat oʻsib chiqadi. Voyaga yetganida pati yoshiga muvofiq koʻrinish oladi va shundan soʻng eskirgani tushib, oʻrnida yangilari oʻsadi. Pati yulinganida ham xuddi shu narsa sodir boʻladi. Bundan tashqari, baʼzi qushlar juftlashish davrida yangi yorqin pat chiqaradi.
Shunday qilib, koʻpchilik qushlar yiliga ikki marta tullaydi: juftlash mavsumidan oldin va keyin. Deyarli barcha qushlar bir vaqtning oʻzida koʻplab “koʻtaruvchi” patini tashlamagani uchun tullash paytida uchish qobiliyatini yoʻqotmaydi. Bundan tashqari, aerodinamik muvozanat buzilmasligi uchun patlar juft holda — bitta chapdan, bitta oʻngdan tashlanadi. Oʻrdak, gʻoz va oqqushlar bundan istisno boʻlib, tullash davrida ular barcha patini toʻkadi va ucha olmaydi. Bu qushlar suv qushi boʻlgani tufayli xavf tugʻilganda havoga koʻtarilmay, shunchaki suvga shoʻngʻishi kifoya. Tullash paytida yorqin patli erkak qushlar koʻpincha bir xil tus oladi va ularni yashiradigan qoʻshimcha vosita vazifasini bajaradi.
Ilonlar juda qiziqarli tarzda tullaydi. Ular birdaniga butun terisini emas, avval faqat kichik bir qismini tashlaydi. Ilon ogʻzi atrofidagi teridan xalos boʻlish uchun boshini biror narsaga ishqalaydi. Soʻngra terining ajralgan qismini tosh yoki shoxga ilintirib, eski teridan boshini oldinga chiqarib siljiydi va tullagan teri teskari holatda qolib ketadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.