Pompeya nima?

Pompeya xarobalari Italiyaning koʻplab diqqatga sazovor joylari orasida eng qiziqarlisi hisoblanadi. Ammo bizning davrimizga qadar qadimgi boshqa shaharlarga nisbatan yaxshiroq saqlanib qolgan, qariyb 2000 yillik tarixga ega boʻlgan shaharni “xarobalar” deb atash notoʻgʻri. Nega bunday boʻlgan? Gap shundaki, milodiy 74-yilning 24-avgustida Italiyaning janubida joylashgan, oʻsha paytgacha uyquda boʻlgan Vezuviy vulqonining kuchli otilishi sodir boʻlgan. Kraterdan otilib chiqqan lava, tosh va kulning qalin qatlami yaqin atrofdagi ikki shaharni butunlay koʻmgan. Vulqondan 3—4 km uzoqlikda joylashgan Gerkulanum shahri vulqon yonbagʻridan oqib kelgan loy oqimining toʻlqini ostida gʻoyib boʻlgan. Vezuviydan uzoqda joylashgan Pompeya kul va pemza (jilolash, silliqlash ishlarida qoʻllaniladigan, yengil vulkanik jins) — yengil togʻ jinsining quruq “yomgʻiri” bilan qoplangan. Pompeya bu “yogʻingarchilik”ning besh—olti metrli qatlami ostida koʻmilgan.

Suvni oʻziga shimgan kul massasi loyga aylana boshlagan va natijada uning ostida qolgan hamma narsa haykaltaroshlar oʻz asarini yaratishda foydalanadigan qoliplarga oʻxshash shakllarga aylangan. Shu holatda ikkala shahar ham deyarli oʻzgarmagan holda, hozirgi kungacha saqlanib qolgan.

Vulqon otilishi tugagach, falokatdan omon qolgan shahar aholisi avvalgi joylariga qaytib kelib, qalin kul qatlami ostidan qimmatbaho buyumlarning katta qismini, jumladan, katta binolar uchun bezak va qurilish materiali boʻlib xizmat qilgan marmar plitalarni qazib olishga muvaffaq boʻlgan.

Oʻrta asrlarda bu voqea unutilgan. 1594-yilda u yerda suv taʼminoti tizimi qurilishi boshlangan va ikki shahar xarobalari qayta topilgan. Biroq 1763-yilga kelib, Pompeyada haqiqiy arxeologik qazish ishlari boshlangan va hozirgacha davom etmoqda. Shunga qaramay, shaharning katta qismi hali ham odamlar nigohidan yashiringan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!