20.02.2024
“Anglosaks” soʻzi koʻpincha zamonaviy angliyalik yoki ularning avlodlariga nisbatan ishlatiladi. Aslida anglosakslar Angliya hududida uzoq yillar avval yashagan xalqdir. Britaniya rimliklar tomonidan zabt etilgandan soʻng taxminan 400 yil davomida ularning hukmronligi ostida boʻlgan. Keyin rim legionerlari Italiyaga qaytarib olingan va Britaniya tashqi tajovuzga qarshi himoyasiz qolgan. Dastlab Britaniya aholisi rimliklar davridagi kabi yashashga muvaffaq boʻlgan, ammo V asrning oʻrtalariga kelib, koʻchmanchi qabilalar Britaniyaning hozirgi vaqtda Sharqiy Angliya deb ataladigan qismiga joylasha boshladi.
Britaniyaliklar hatto qoʻshiq va afsonalari ham faqat urush, janglar haqida boʻlgan kelgindilarning tajovuzkor hamda shafqatsiz odamlar ekaniga ishonch hosil qilgan. Ular asosan uchta german qabilasi —angl, saks va yutlardan biriga mansub boʻlgan. Ularning barchasi Shimoliy va Boltiq dengizlari qirgʻogʻida yoki ularning yaqinida yashagan. Bu odamlar sariq sochli, xushqad va jasur jangchilar boʻlgan.
VI asrning oxiriga kelib, ular Britaniyadagi sobiq Rim hukmronligi qoldiqlarini yoʻq qilib, yetti qirollikni barpo etishga muvaffaq boʻlgan. Dastlab har bir qirollikda alohida qirol hukmronlik qilgan, ammo 829-yilda ularning barchasi bitta hukmdor hukmronligi ostiga oʻtgan. Uning merosxoʻrlaridan biri 871-yildan 900-yilgacha mamlakatni boshqargan Buyuk Alfred boʻlgan.
1066-yildagi Norman istilosi paytida anglo-sakson sulolasi hokimiyatni yoʻqotgan. Anglosakslar muloqot qilgan qadimgi ingliz yoki anglosakson tili angl, saks va yutlarning lahjalari aralashmasi boʻlgan. Zamonaviy ingliz tili anglosakson tili asosida kelib chiqqan, ammo tilshunos olimlargina ular orasidagi umumiylikni topa oladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.