Nafis san’at nima?

Zamonaviy olamda biron-bir koʻrinishdagi sanʼat turini deyarli hamma joyda uchratish mumkin. Uyingizdagi mebel, uy, soat yoki kiyim — bularning barchasini sanʼat namunasi deb hisoblash mumkin. Bu holatlarning har birida sizga tegishli boʻlgan narsani kimdir koʻrkam qilish uchun bezatgan. Ammo amaliy sanʼat deb ataladigan bu narsa ikkinchi darajali ahamiyatga ega: u faqat odam oʻz maqsadiga muvofiq foydalanadigan buyumni bezash uchun moʻljallangan. Nafis sanʼat (zamonaviy tilda — shunchaki sanʼat) esa butunlay boshqa, yaʼni nomidan koʻrinib turganidek, oʻz-oʻzidan nafislikka taalluqli.

Nafis sanʼat rassomlik, haykaltaroshlik, adabiyot, teatr, musiqa, raqs va meʼmorchilikni oʻz ichiga oladi. Yuqoridagi barcha sanʼat turlaridan faqat meʼmorchilik amaliy foyda keltiradi. Meʼmorlar oʻz binolarining nafaqat goʻzalligi, balki ularning foydaliligi haqida ham oʻylashiga toʻgʻri keladi. Ammo ijodkor rassomning ulkan mehnati bilan yaratilgan sanʼat asari umuman amaliy foyda keltirmasligi mumkin. Ular faqat bizning goʻzallikka boʻlgan ehtiyojimizni qondirish uchun yaratiladi.

Ijodning yakuniy natijasi haykal, kuy, pyesa, kitob va boshqalar boʻlishi ham mumkin. Zamonaviy sanʼatning barcha turlarida qiziqarli tajriba misollarini uchratish mumkin. Biroq barcha turdagi badiiy ijod asarlarining anʼanaviy usullarida umumiy nimadir bor. Bu nimadir — asarda aks ettiriladigan siymo. Bu siymo ohang, tosh, soʻz, qurilish materiali, chiziq va boʻyoqlar yordamida gavdalantiriladi. Har bir siymoda ritm, mutanosiblik va uygʻunlik deb atash mumkin boʻlgan narsalar mavjud. Ritm tovush, rang, shakl va harakatlarning ozmi-koʻpmi bir maromdagi takrorlanishidan kelib chiqadi.

Mutanosiblik bu — rassom gʻoyasining bizga toʻgʻri boʻlib koʻrinadigan, mutanosib qismlarda ifodalangan timsoli. Uygʻunlik — siymo turli qismlarining bir-biriga tabiiy muvofiqligidan iborat. Albatta, bularning barchasi badiiy ijod va nafis sanʼat sohasidagi eng umumiy tushunchalardir.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!