Bukingem saroyi qachon qurilgan?

Angliyada qirolning uyi — Bukingem saroyi eng goʻzal va eng qadimgi qirollik saroylaridan biri. U Grin va Sent-Jeyms sayilgohi oʻrtasidagi maftunkor joyda joylashgan boʻlib, atrofida keng va aʼlo darajada parvarishlangan bogʻlar ham choʻzilgan.

Dastlab saroy turgan joyda oʻsha paytda Goringhaus deb nomlangan uy qurilgan, keyinchalik esa u Charlz II davrida davlat arbobi, graf Erlingtonning shahar qarorgohiga aylangach, Erlingtonhaus deb nomlana boshlagan. 1703-yilda bu uy buzilib, uning oʻrniga Bukingem va Normandiya gersogi farmoyishi bilan boshqasi qurilgan. Saroyning hozirgi nomi shundan kelib chiqqan. 1761-yilda turmush qurganidan koʻp oʻtmay, qirol Georg III bu saroyni sotib olgan va shu vaqtdan beri u qirollik qarorgohiga aylangan. Har bir yangi hukmdor kelishi bilan unda qoʻshimcha qurilishlar barpo etilgan va u yanada hashamatli, ulugʻvor koʻrinish olishda davom etgan.

Shunday qilib, saroy fasadi hozirgi koʻrinishiga 1913-yilda ega boʻldi. Bukingem saroyi qimmatbaho sanʼat va antik davr asarlariga toʻla. Ammo omma uchun saroyga kirish cheklangani sababli davlat zallarining diqqatga sazovor narsalarini televizor orqali koʻrish mumkin, qirolning mulki boʻlgan zargarlik buyumlari esa doimiy ravishda qirollik galereyasida namoyish etiladi. Yil davomida, ayniqsa yozda dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar saroy oldidagi yoʻlakda toʻplanib, gvardiyachi soqchilarning almashinuvini tomosha qiladi yoki Angliya qirolini oʻz koʻzi bilan koʻrish umidida shunchaki saroyga qiziqsinib qaraydi. Qirol saroyda boʻlganida, uning ustida qirollik bayrogʻi hilpiraydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!