20.02.2024
Ehtimol, Afrikaning buyuk Nil daryosi oʻz jumbogʻiga ega ekanini bilmasligingiz mumkin. Nima boʻlganda ham, buyuk daryo bilan bogʻliq bir holat ming yillar davomida odamlarni hayratda qoldirgan. Har yili iyul oyidan boshlab, Nil daryosining sathi koʻtarila boshlaydi va oktabr oyiga borib u may oyiga nisbatan 7,5 m balandroq boʻladi.
Toshqin mavsumida Nil qirgʻoqdan toshib, dalalarga ajoyib oʻgʻit hisoblanuvchi balchiqni olib chiqadi. Bu hodisa — daryo suvining bu darajada koʻtarilishi juda gʻayrioddiy, chunki Misrda deyarli yomgʻir yogʻmaydi. Shuning uchun ham yuzlab yillar davomida odamlar Nilning har yilgi toshqini sababi nimada ekaniga hayron boʻlgan. “Nil jumbogʻi”ga javob faqat XIX asrda topildi. Nil dunyodagi eng uzun daryodir. Uning uzunligi janubdan shimolga qadar 6500 km ni tashkil qiladi. U asosan Afrikaning shimoli-sharqida joylashgan davlatlar — Sudan va Misr hududidan oqib oʻtadi. Nilning har yilgi suv toshqini jazirama, qurgʻoqchil va unumsiz choʻl oʻrtasida, daryo boʻylab ingichka tasma shaklida choʻzilgan unumdor vodiy paydo boʻlishiga olib kelgan.
Bu vodiyga odamlar ilk bor ming yillar oldin joylashgan. Nil daryosi ikkita asosiy manba — Oq Nil va Moviy Nildan suv oladi. Oq Nil Ugandadagi Viktoriya koʻlidan oqib chiqadi. U tinch va tekis oqimga ega boʻlib, Nildagi suv sathining oʻzgarishiga taʼsir qilmaydi. Nil suvi eng past darajaga tushadigan aprel va may oylarida uning 85 foizi Oq Nildan keladi.
Moviy Nil-chi? U Efiopiyaning kuchli yomgʻir yogʻadigan va togʻlarida qor eriydigan togʻliklaridan boshlanadi. Yomgʻirlar mavsumi boshlanganida Moviy Nildagi suv miqdori keskin oshadi va bu Nilning toshishiga olib keladi. Odamlar uzoq vaqt davomida bosh qotirgan jumboqning javobi shu.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.