Druidlar kim?

Toʻgʻrisini aytganda, druidlar haqida juda kam maʼlumotga egamiz — ular oʻzi haqida hech qanday bitiklar qoldirmagan, oxirgi druid vafot etganida barcha bilim va taʼlimotlar uning o‘zi bilan birga ketgan. Druidlar bilan bogʻliq koʻplab, keng tarqalgan anglashilmovchiliklar XVII asr oxirida yashagan tarixchi Jon Obri tasavvuri bilan chizilgan rasmlarning boy zaminida paydo boʻlgan. Obrini Stounxenj siri, aniqrogʻi, u yerda oʻz marosimlarini oʻtkazgan druidlarning qoʻli bilan qurilgani qiziqtirgan edi. Oʻsha paytda ular haqida juda kam maʼlumot boʻlgani va Obri Stounxenjning qurilgan sanasini aniqlashning ilmiy usullaridan foydalana olmagani tufayli sirli jumboqqa bunday javob shak-shubha uygʻotmagan. Uning tashabbusi bilan druidlar ordeni qayta tashkil etilgan va Stounxenjda yozgi kun turishi vaqtida oʻtkaziladigan maxsus marosimlar oʻylab topilgan.

Biz qadimgi Rim tarixchisi Pliniy va Yuliy Sezarning Galliyadagi urushlar haqidagi xabarlari orqali miloddan avvalgi III va II asrlarda druidlar keltlar orasida katta obroʻga ega boʻlganini bilamiz. Ularning qonunlar, din, tarix va tabiiy fanlar boʻyicha nufuzi shubhaga oʻrin qoldirmagan. Pliniy bizga oq omela (daraxtlarga yopishib yashaydigan, doim yashil buta) va emanning diniy ahamiyati haqida gapirib beradi. Buyuk Britaniyada yashagan xalqlar hayotida druidlarning ahamiyatini yaxshi bilgan Yuliy Sezar asosli sabablarga koʻra ularga ishonmaslikni afzal koʻrgan. Shuning uchun u katta musibatlar paytida druidlar keltirgan qurbonliklar, shuningdek, ularning ahamiyatsiz donoligi va bilimlari haqida bitiklar qoldirgan.

Rim hukmronligi davrida druidlar borgan sari koʻproq gʻarbga ketishga majbur boʻlgan va oxir-oqibat Angliya oroliga joylashgan. Bu yerda ular xristianlik kelib, ularning dini butunlay yoʻqolib ketguniga qadar o‘z maʼbudlariga ibodat qilib, odamlarga taʼlim berishda davom etgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!