20.02.2024
1500 yildan ortiq vaqt avval Shimoliy Amerikadagi tik qoyalardagi qazilgan uylarda yashovchi anasazi hindular qabilasi boʻlgan. Ular Yuta, Kolorado, Arizona va Nyu Meksiko shtatlari chegaralari tutashadigan, hozirgi paytda “toʻrt burchak” deb ataladigan mintaqada yashagan. “Anasazi” soʻzi hindular tilidan tarjima qilinganda, “keksa odamlar” degan maʼnoni anglatadi. Anasazilar hozirgi kunda Shimoliy Amerika qitʼasining janubi-gʻarbida yashovchi pueblo hindularining ajdodi boʻlgan. Ular ovchilik, dehqonchilik qilish va meva yigʻish bilan shugʻullangan. Anasazilar kichik qishloqlarda bir-biriga qarindosh boʻlgan 30—60 kishidan iborat guruhlarda yashagan. Keyinchalik ular toʻgʻri yoki egri chiziq boʻylab joylashgan xonalardan iborat, katta boshpanalarni qura boshlagan. Bunday qishloqlarning nomi “qishloq” degan maʼnoni anglatuvchi ispancha “pueblo” soʻzidan kelib chiqqan.
Qishloqlarning koʻpchiligi kanyonlarning baland tik devorlarida joylashgan, koʻp sonli gʻorlarda qurilgan. Qishda ham ichkari issiq va quruq boʻlishi uchun anasazilar gʻorlarning kirish joylarini, janubga qaragan qoyalarni tanlagan. 1050—1500-yillar oraligʻida bu kichik qishloqlar kengayib, butun boshli shaharlarga aylangan. Har bir bunday shahar ulkan binoga oʻxshash boʻlgan. U baʼzan qator joylashgan, bir necha yuz xona va har birida ayvonlar mavjud, toʻrttagacha qavatdan iborat boʻlgan. Gʻor devori xonalar devori vazifasini bajargan. Shiftlar kanyonga qaragan va ustunlar koʻtarib turgan eshiklar kabi past boʻlgan. Har bir qishloqda “kiva” deb atalgan bir nechta jamoat xonalari boʻlib, ularda gʻor aholisi yigʻilish va yashirin diniy marosimlarini oʻtkazgan.
Kivalar yerostida qurilgan. Anasazilar soqchi minoralarini qoyalar tepasida oʻrnatib, ularning devorlarida tuynuklar ochgan. Minoradagi soqchilar dushmanlar yaqinlashuvi haqida baland ovoz bilan ogohlantirgan zahoti kanyon tubida ishlayotgan odamlar qoyalarga koʻtarilib, yengil narvonlarni tortib olishga ulgurgan. Bunday narvonlarsiz dushman hatto eng kichik qishloqni ham zabt eta olmagan.
Anasazilar makkajoʻxori, dukkakli oʻsimliklar va qovoqdan tashqari paxta ham yetishtirib, undan poncho, adyol va qoplar toʻqigan. Maʼlumki, taxminan 1300-yilda ular toʻsatdan qoyalardagi uylarini tark etib, janubga yoʻl olgan. Ammo ularni bunga majbur qilgan sabab haligacha nomaʼlum.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.