20.02.2024
Kolumb tomonidan Amerika kashf etilishidan kamida 400 yil oldin u yerda inklar sivilizatsiyasi mavjud boʻlgan. Inklar yashagan yerlar hozirgi Boliviya, Peru, Ekvador davlatlari hududi, shuningdek, Argentina va Chilining bir qismini oʻz ichiga olgan. Inklar imperiyasining poytaxti muqaddas Quyosh shahri — Kusko boʻlgan. Boshqa mamlakat va qitʼalarning mavjudligini bilmagan inklar Kuskoni dunyoning markazi deb hisoblagan va imperiyaning barcha qismlaridan unga don, kumush, oltin, chiroyli mato va yangi yashil koka barglari ortilgan karvonlar oqib kelgan. Inklar qattiqqoʻl, ammo adolatli hukmdorlar boʻlgan. Ular bosib olingan xalq va qabilalarga oʻz udum, urf-odatlarini saqlab qolishga ruxsat bergan.
Inklar jamiyatining asosiy birligi oila boʻlgan. 20 oiladan iborat har bir guruhni oʻz sardori boshqargan. U 50 ta oilani boshqargan boshqasiga boʻysungan va zanjir shu tarzda imperiyaning hukmdori — Oliy inkka qadar borgan. Inklar imperiyasida oʻrnatilgan ijtimoiy tuzumga koʻra, unda eng keksa va eng yosh aholidan tashqari, istisnosiz hamma ishlagan. Har bir oila ishlov berishi kerak boʻlgan yerga egalik qilgan. Odamlar oʻzi uchun kiyim-kechak tikkan, poyabzal yoki sandal, idish-tovoq, kumush va oltindan zargarlik buyumlarini yasagan. Imperiya aholisi shaxsiy erkinlikka ega boʻlmagan: odamlar qanday kiyim kiyishi, nima isteʼmol qilishi, qayerda va qanday ishlashini hukmdorlar hal qilgan.
Shuni taʼkidlash kerakki, inklar ajoyib dehqon boʻlgan va koʻplab qimmatli ekinlarni yetishtirgan. Ular dalalarini shiddatli togʻ jilgʻalarida keladigan suv bilan sugʻorish uchun ulkan akveduklarni (osma quvur) qurishga muvaffaq boʻlgan. Bir vaqtlar inklar tomonidan barpo etilgan koʻplab binolar hali ham mavjud. Shuningdek, ular uzum va tol novdalaridan toʻqilgan, qalin arqonlar yordamida koʻplab gʻayrioddiy koʻpriklar qurgan. Shu bilan bir qatorda, bu odamlar tugʻma toʻquvchi va kulol boʻlgan. Ular paxtadan shu qadar nozik matolarni toʻqiganki, hatto ispan bosqinchilari uni ipak deb oʻylagan. Inklar jundan chiroyli va issiq kiyimlarni qanday toʻqishni ham bilgan.
Koʻp asrlik taraqqiyot davridan keyin inklar imperiyasi yarimqondosh qardoshlar tomonidan boshqarilgan va bir-biri bilan kurashib kelgan ikki qismga boʻlingan. Natijada inklar kam sonli, ammo ancha yaxshi qurollangan ispan konkistadorlarning bosqiniga qarshi tura olmagan va ularning imperiyasi zabt etilib, yakson qilingan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.