Atsteklar kim?
Atsteklar haqida ma'lumot.
2 min
Tarix

Atsteklar qadimda Amerikada yashagan, eng rivojlangan va nufuzli xalqlardan biri boʻlgan. Ular hozirgi vaqtda Meksika poytaxti Mexiko shahri joylashgan vodiyda yashagan. Yevropalik sayyoh va mustamlakachilar paydo boʻlgan vaqtga kelib, bu hindu qabilasi koʻp asrlik tarixga ega edi. Atsteklarning taraqqiy etgan davridagi turmush darajasi koʻplab Yevropa xalqlari bilan bir xil boʻlgan. Ular oʻzi haqida bitiklarni toshga yozishni oʻrgangan. Atsteklar yaxshi ishlov berilgan qoyatoshlardan ibodatxona, minora va uylar qurgan. Ular qonunchilik va davlat boshqaruvi sohasida katta yutuqlarga erishgan, astronomiya boʻyicha ko‘p bilimlarga ega boʻlgan, turli xil sanʼat va hunarmandchilikni rivojlantirgan. Atsteklar oʻziga xos mehribon va oliyhimmat odamlar boʻlgan. Ular tabiatni, ayniqsa qush va gullarni yaxshi koʻrgan, musiqa, raqs, turli oʻyinlar va adabiyotning ashaddiy muxlislari edi.

Atsteklar oʻzining harbiy gʻalabalari hisobiga boshqa qabilalardan yuqori koʻtarilishga muvaffaq boʻlgan. Bu xalq urushlarni dushmanlarni qoʻlga olib, ularni maʼbudlarga qurbon qilish maqsadida olib borgan. Inson qurbon qilinuvchi marosimlari uzoq oʻtmishda qolib ketgan yevropalik musofirlarni bu kabi udumlar hayratda qoldirgan.

Atstek qabilasining yana bir nomi “meksiko” edi. Meksika nomi shu soʻzdan yoki ularning maʼbudlaridan birining nomidan kelib chiqqan. Atsteklarning afsonalariga koʻra, Kolumb hindular bilan birinchi marta uchrashishidan 167 yil oldin — 1325-yilda oʻz davlatining poytaxti — Tenochtitlan shahrini qurishni boshlagan. Keyinchalik u Lotin Amerikasi shimolidagi Ispaniya mustamlakalarining markaziga, soʻngra Meksika respublikasining poytaxti — Mexikoga aylangan.

Atsteklar qayerdan kelganini hech kim bilmaydi. Afsona va rivoyatlarga koʻra, ular shimoldan kelgan. Ular Mexiko vodiysiga XII yoki XIII asrlarda kelgan boʻlishi mumkin. Oʻsha davrda ular oʻzini “tenokka” deb atagan. Oʻsha paytda vodiyda yashagan va rivojlanishda ancha yuqori darajaga erishgan toltek qabilasi ularga kelgindi varvarlar sifatida munosabatda boʻlgan. Shuning uchun atsteklarning yangi joyga oʻrnashishi qiyin kechgan, ammo vaqt oʻtishi bilan ular katta kuchga erishgan va vodiyda yashagan boshqa qabilalarni oʻziga boʻysundirgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!