20.02.2024
Amerikaning birinchi aholisi bu yerga juda uzoq vaqt oldin kelgan, biz ularning tarixi haqida istaganimizdan ancha kam narsani bilamiz. Ammo aksariyat tadqiqotchilarning fikriga koʻra, voqealar quyidagicha rivojlangan. Taxminan 12 000 yil oldin bir guruh piyoda ovchilar kiyik va bugʻu podalarini taʼqib qilib, nomaʼlum yerlarga borib qoladi. Bu yerlar hozirgi Sharqiy Sibir hududida joylashgan. Chukotkaga yetib borgan ovchilar Osiyoni Shimoliy Amerikadan ajratib turadigan, hozirgi vaqtda rus dengiz sayyohi — Bering nomi berilgan tor boʻgʻozdan oʻtishga muvaffaq boʻlgan.
Keyingi ming yilliklarda ularga koʻplab boshqa koʻchmanchilar ham ergashgan. Ular nomaʼlum yerlar tomon uzoq safarga kichik guruhlar holida, aslida esa oilalari bilan kelgan. Shuning uchun ham, ularning barchasi bir mintaqadan kelib chiqqani va bir vaqtlar bir xalqqa tegishli boʻlganiga qaramay, oʻnlab asrlar davomida bu guruhlarning yoʻllari ayrilib ketgan. Asta-sekin qabilalarga ajralib ketgan turli guruhlarning aʼzolari bir-biridan tili, tashqi koʻrinishi, urf-odati, oʻzini oziq-ovqat bilan taʼminlashi va yangi sharoitlarga moslashishi bilan farq qilgan.
Shubhasiz, ularning tashqi koʻrinishida umumiy xususiyatlar ham boʻlgan: tekis qora soch, oldinga turtib chiqqan yonoq suyagi, qisiq koʻz. Ularning barchasi qorachadan kelgan, ammo tuslari farq qilgan. Ayrim qabila vakillarining terisi qizgʻish tusda boʻlgani uchun yevropaliklar koʻpincha bu odamlarni qizil tanlilar deb atagan. Ular asosan bir xil urush va mehnat qurollariga ega boʻlgan, ammo mahalliy sharoit, rivojlanish darajasi va turmush tarziga koʻra bu qurollarni ishlab chiqarishda turli xil materiallardan foydalanilgan. Qabilalar oʻrtasidagi farqlar asosan ularning yashash joyidagi turli sharoitlardan kelib chiqqan.
Umuman olganda, Shimoliy Amerikada qadimiy qabilalar joylashgan beshta asosiy markazni ajratib koʻrsatish mumkin: shimoli-gʻarbiy sohil, Kaliforniya hududi, janubi-gʻarbiy, sharqiy oʻrmonlar va preriyalar. Garchi yevropaliklar uchun ularning barchasi hindu boʻlsa ham, bu mintaqalarning har birida joylashgan qabilalar boshqalardan juda farq qilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.