Gerakl kim?

Gerakl gʻayrioddiy bahodir boʻlgani hammaga maʼlum. Biroq qadimgi yunonlar uchun uning ismi yanada koʻproq ahamiyatni kasb etgan. Ular Geraklga maʼbudlardan biri sifatida sajda qilgan. Afsonalarga koʻra, Gerakl maʼbud Zevs va oddiy ayol Alkmenaning oʻgʻli boʻlgan. Zevsning ilohiy rafiqasi Gera uni yoqtirmagan. Beshikda yotgan Geraklni oʻldirish maqsadida u ikkita ilon yuboradi. Biroq chaqaloq ikkalasini ham boʻgʻib, ularni osonlikcha yengadi. Gerakl voyaga yetgach Megaraga uylangan, ammo Gera uni aqldan ozdirgan. Jazavasi xuruj qilgan vaqtda Gerakl xotini va bolalarini oʻldirgan. Aybini yuvish uchun esa u Delfi shahridagi kohin koʻrsatmasiga binoan oʻz xizmatlarini qirol Evrisfeyga taklif qilgan. U esa Geraklga oʻn ikki jasoratni bajarishni buyurgan.

Gerakl haqidagi afsonalarning katta qismi ushbu jasoratlarni yoritishga bagʻishlangan. U jasoratlarini vahshiy sherni boʻgʻib oʻldirishdan boshlagan. Soʻngra sakkiztasi oʻladigan, bittasi esa oʻlmas boʻlgan toʻqqiz boshli Gidrani oʻldirgan. Gerakl har gal gidraning oʻladigan boshini kesganida, oʻrnida ikkitasi oʻsib chiqavergan.

Uchinchi jasorati juda kuchli va yovuz toʻngʻizni qoʻlga olish boʻlgan. Evrisfeyning toʻrtinchi buyrugʻiga binoan, Gerakl unga oltin shoxli kiyikni olib kelgan.

Keyin Geraklga shoh Avgiyning 30 yil davomida tozalanmagan, ulkan molxonasini goʻngdan tozalashga toʻgʻri kelgan. Gerakl ikki daryo oʻzanini oʻzgartirib, ularni molxonaga yoʻnaltirgan va u bir kun ichida tozalangan.

Geraklning oltinchi jasorati odamlarni yamlamay yutib yuborayotgan stimfaliya qushlarini quvib solish va oʻldirish, yettinchisi esa Krit buqasini qoʻlga tushirish boʻlgan.

Sakkizinchi vazifa shoh Diomedning odam goʻshti bilan boqilgan yovvoyi baytallarini boʻysundirish boʻlgan.

Gerakl Evrisfeyning qizi uchun amazonkalar malikasi — Ippolitaning kamarini qoʻlga kiritib, oʻzining toʻqqizinchi jasoratini amalga oshirgan.

Oʻninchi jasorat bajarilishi uchun uzoq gʻarbda, okean oʻrtasida joylashgan oroldan Gerion sigirlari olib kelinishi kerak boʻlgan. Yoʻlda Yevropaning gʻarbiy chetiga yetib borgan Gerakl qoyatoshni parchalab, Gibraltar boʻgʻozini hosil qilgan. Shundan soʻng Gerakl Evrisfeyning topshirigʻiga koʻra Gesperidning oltin olmalarini olib kelgan.

Shohga oʻlganlar dunyosi — Aid darvozasida turgan qoʻriqchi it — Kerberni olib kelib, Gerakl oʻn ikkinchi jasoratni bajargan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!