20.02.2024
Taxminan 1200 yil oldin Skandinaviyada Norvegiya, Shvetsiya va Daniyaning sohil boʻyi mintaqalarida istiqomat qiluvchi aholidan kelib chiqqan, oʻziga xos yangi qabila paydo boʻlgan. “Vikinglar” nomi Skandinaviya qirgʻoqlarini tilib tashlagan, tor koʻrfazlar — fiordlar (qirgʻoqlari qoyali, tor va chuqur dengiz koʻrfazi) maʼnosini anglatuvchi “viks” soʻzidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Vikinglar buyuk dengizchi va sarguzasht ishqibozlariga aylangan. Ular odatda sargʻish sochli va moviy koʻzli, baquvvat, boʻydor jangchilar boʻlgan. Yevropada yashagan boshqa barcha xalqlar okean toʻlqinlarida suzishga jurʼat etmagan bir paytda vikinglar oʻz kemalarida dengiz savdosi bilan shugʻullanib, yangi yerlarni kashf qilgan. Ular oʻz uyidan koʻra urush va sarguzashtlarga toʻla hayotni afzal koʻrgan.
Milodiy 793-yilda vikinglar birinchi marta Angliya qirgʻoqlariga yetib kelgan. Oʻsha paytdan boshlab, XI asrning boshiga qadar ular gʻarbiy va sharqiy Yevropa qirgʻoqlariga muntazam bosqinlar uyushtirgan. Vikinglar Angliya, Irlandiya, Fransiya, Ispaniyadagi qirgʻoqboʻyi aholisini talon-taroj qilib kelgan. Ular hatto Afrika shimolidagi Jazoirga ham yetib borgan. Vikinglar Grenlandiyadan gʻarbdagi orollarni va Shimoliy Amerika qitʼasining bir qismini kashf etib, uni Vinlandiya deb atagan. Bu yerda ular tomonidan yaratilgan koloniya uch yil mavjud boʻlgan. Vikinglar betakror madaniyatga ega boʻlgan. Ular ajoyib kemalar qurgan, zargarlik buyumlari va qurollar yasagan.
Vikinglar yashagan yerlar temir konlariga boy boʻlib, ularning ustalari metall bilan ishlashda juda mohir boʻlgan. Vikinglar har doim butparast boʻlib qolgan. Ularning asosiy maʼbudlari Odin va Tor edi. Vikinglar maʼbudlar Valgalla deb nomlanadigan joyda yashashiga va jangda halok boʻlgan qahramonlar oʻlimidan keyin u yerga tushishiga ishongan. Vikinglar qirol, zodagon va oddiy odamlar hayoti haqida hikoya qiluvchi sagalar (Skandinaviya va Irlandiyadagi qadimgi xalq dostonlari, afsonalari) shaklidagi oʻz adabiyotiga ega boʻlgan. Vikinglar adolat va vijdoniylikka asoslangan qonunlar tizimini yaratgan. Ularning izini koʻplab mamlakatlarda amal qiladigan qonunlarda topish mumkin degan fikrlar mavjud.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.