Hayvonlar sanashni biladimi?

Sirkda oddiy arifmetik misollarni yechishga oʻrgatilgan tyulen, ayiq, itlarni koʻrgan boʻlsangiz kerak. Ular hisoblashni biladigandek tuyuladi, shunday emasmi? Aslida unday emas! Shunchaki, tyulen yoki it oʻz oʻrgatuvchisidan “signal” oladi. Besh minus ikki necha boʻladi, degan savolga javoban uch marta hurgan it oʻz xoʻjayinidan tomoshabinlarga sezilmaydigan signalni olib, masalan, boshini chayqashini koʻrib toʻxtagan boʻladi. Albatta, hayvonlar koʻp miqdordagi narsani kamrogʻidan ajrata oladi. Ularning koʻpchiligi birida beshta, ikkinchisida oltita boʻlak ozuqa bor ikkita savatdan ikkinchisini tanlaydi.

Xuddi shu narsani raqam va sonlar haqida tasavvurga ega boʻlmagan, juda kichik yoshdagi bolalar haqida ham aytish mumkin. Ammo koʻproqni kamroqdan ajrata olish va hisoblashni bilish — bir xil narsa emas. Biroq olimlarning fikriga koʻra, hayvon va qushlarning ayrim turlari haqiqatan ham bu qobiliyatga ega. Bu fikrni tekshirish uchun oʻtkazilgan tajribalardan birida kabutarga bir donadan don berib, har oltita yaxshi dondan keyin yettinchi safar isteʼmolga yaroqsizi berilgan. Biroz vaqt oʻtgach, kabutar oltitagacha hisoblashni oʻrganib, yettinchi don qoʻyilganda, u hatto tatib koʻrishdan ham bosh tortgan.

Boshqa bir tajribada shimpanze undan soʻralgan miqdorda — bir, ikki, uch, toʻrt yoki beshta choʻpni yerdan olib berishga oʻrgatilgan. Ammo choʻplar soni beshtadan koʻp boʻlganda, shimpanze chalkashib, xato qila boshlagan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!