20.02.2024
Hayvonlar inson tilida gapirishni, yaʼni soʻzlar yordamida o‘z fikrini ifoda etishni bilmasligining jiddiy sababi bor. Hayvonlar tomonidan amalga oshiriladigan idrokli harakatlarning aksariyati ular meros qilib olgan odatlar natijasidir. Bu ular uchun normal vaziyatlarda kuzatiladi. Ammo hayvonlar butunlay boshqa sharoitlarga joylashtirilganda, ular odatda nima qilishni bilmaydi. Bunday holda yangi sharoitlar birmuncha vaqt saqlanib tursa, hayvonlar sinov va xatolar orqali oʻzini qanday tutishni oʻrganishga harakat qiladi. Idrok qilishning biron-bir usuli gapirish qobiliyatini keltirib chiqara olmaydi, chunki bu qobiliyat soʻzlarni haqiqiy gʻoya yoki obyektni bildiruvchi belgi sifatida ishlatish koʻnikmalarini anglatadi.
Masalan, “uy” soʻzi oilamiz bilan yashaydigan, uxlaydigan, ovqatlanadigan va hokazolarni anglatadigan ramzdir. Ammo hayvonlar miyasi yetarli darajada rivojlanmagani tufayli inson kabi ramzlardan foydalanib, ulardan kombinatsiyalar tuza olmaydi. “Ona” soʻzini talaffuz qilishni oʻrganayotgan bolani kuzatib, gapirishni oʻrganish qanchalik qiyinligini koʻrish mumkin. Dastlab chaqaloq har yangi uchrashuvda onasini tanishga odatlanadi. Bu odat mustahkamlanganda, ona barmogʻi bilan oʻziga ishora qilib, “ona” soʻzini aytadi.
Bora-bora tovushlar toʻplamini eshitib, bola uni eslab qoladi. Keyinchalik u onasining paydo boʻlishi bilan “ona” soʻzi oʻrtasidagi bogʻliqlikni anglab, shu tarzda uning maʼnosini tushuna boshlaydi. Keyin ona bolaga bu soʻzni qanday talaffuz qilishni koʻrsatadi. Bola soʻzni aytishni oʻrganmagunga qadar ona o‘z harakatlarini takrorlaydi. U tovush paychalari va yuz mushaklari tegishli ravishda harakat qila boshlaganiga qadar “ona” deb aytishga harakat qiladi. Nihoyat, uzoq kutilgan kun kelib, oxirgi tayyorgarlik bosqichi tugaydi. Kichkintoy onasini koʻrib, uni taniydi, soʻzni eslaydi, tegishli mushaklarni ishga tushirgancha “Ona” deydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.