Hayvonlar aqlidan foydalana oladimi?

Barcha hayvonlar, deyarli har doim instinktiv ravishda harakat qiladiganlari ham hayoti davomida ayrim narsalarni bajarishni oʻrganishiga toʻgʻri keladi. Ammo tajriba orttirish jarayoni har doim ham bir xil tarzda oʻtmaydi. Hayvon koʻpincha biror narsani oʻrgandi deb oʻylaganimizda, u faqat oʻzining tugʻma instinktlarini rivojlantirgan boʻladi xolos. Masalan, uyasini ilk bor tark etgan qush bolasi juda beoʻxshov uchadi va uning sekin-asta uchish koʻnikmalarini egallashi tugʻma instinktining bosqichma-bosqich rivojlanishidir.

Hayvonlarni oʻrgatishning eng keng tarqalgan usuli, tom maʼnoda xatolar qilish va kelajakda shunga oʻxshash koʻngilsizliklarga chap berish uchun ularni eslab qolishdir. Shu tarzda itlar xulq-atvor qoidalari va turli xil tryuklarni bajarishni oʻrganadi, otlar minishga oʻrgatiladi va mashq qildiriladi. Hayvonlar kamdan kam holatda boshqalarning tajribasidan oʻrganadi. Agar bir it biron-bir tryukni bilsa, uni kuzatib turgan boshqa it buni takrorlay olmaydi. Aqlni qoʻllash hayvon uchun nimani anglatadi? Bu ilgari hech qachon duch kelmagan va tugʻma instinktlar yordam bermaydigan muammoning yechimini topishni bildiradi.

Biroq tajribalar odamsimon maymunlarning maʼlum darajada fikrlashga qodirligini koʻrsatdi. Bir tajribada maymun boʻyi yetmaydigan balandlikda banan osilgan xonaga joylashtirildi. Bundan tashqari, xonada ikkita kichikroq quti ham bor edi. Toʻsatdan u oʻrnidan turib, qutilarni bir-birining ustiga qoʻydi va ularning ustiga chiqib, bananni yulib oldi. Aslida maymun buni qanday bajarishni oʻylab topdi, yaʼni ongidan foydalandi. Olimlar it, mushuk va hatto baʼzi yovvoyi hayvonlar maʼlum darajada mantiqiy xulosalar chiqarishi mumkin degan fikrga moyil, ammo buni isbotlash juda qiyin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!