Suvqunduz nima bilan oziqlanadi?

Suvqunduz (qunduz) bu — barcha kemiruvchilar kabi toʻrtta old kurak tishga ega katta kemiruvchi. Aynan shu tishlari bilan u ozuqa va toʻgʻon qurish uchun foydalanadigan daraxtlarning tanasi va shoxlarini kesadi. Shunday qilib, qunduz asosan daraxtning poyasi, novdasi, yosh kurtaklari, suv oʻsimliklarining esa ildizi bilan oziqlanadi.

Qunduzlar nega toʻgʻon quradi? Gap shundaki, qunduz suvda yashaydi va qishda faol hayot tarzini olib boradi. Buning uchun esa qunduzga qishda tubiga qadar muzlamaydigan, yetarlicha chuqur toʻgʻon kerak boʻladi. Oʻzi yashaydigan daryo yoki hovuzning chuqurligini oshirish uchun qunduz suv sathini koʻtaradigan toʻgʻon quradi. Toʻgʻon qurish uchun daryo tubiga tol, qandagʻoch shoxlari yoki boshqa butoqlarni balchiq va toshlar bilan bostirib chiqadi. Toʻgʻon koʻtarilib borgani sari daraxt shoxlari va tanasi istalgan tarzda joylashtirib boriladi. Koʻpincha novdalar ildiz otib, bir-biriga bogʻlanib, toʻgʻonni yanada mustahkamlaydi.

Daraxtni yiqitish uchun qunduz daraxt tanasida ustma-ust ikkita kertik qiladi va tishlari bilan bu kertiklar orasidagi yogʻochni qirtishlab oʻya boshlaydi. Qunduz 2 sm qalinlikdagi novdani ikki tishlab boʻlib tashlaydi. Qunduzlar odatda qalinligi taxminan 25 sm boʻlgan daraxtlardan foydalanadi. Bunday oʻlchamdagi daraxtni bir kechada qulatish mumkin. Qunduzlar asosan qandagʻoch, terak, tol yoki togʻterak kabi “yumshoq” daraxt turlarini afzal koʻradi. Qunduzlar daraxt poʻstlogʻining faqat ichki qatlamini isteʼmol qilgani tufayli kemirilgan daraxt tanasi va novdalarini toʻgʻonni mustahkamlash uchun ishlatish mumkin. Toʻgʻon balandligi odatda 2 metrdan oshmaydi, lekin u juda uzun boʻlishi mumkin.

Qunduz uyasi xatka deb ataladi. U daryo boʻyida yoki toʻgʻonning sayoz qismida joylashgan boʻlishi mumkin. Xatkaning pastki qismi suv sathidan yuqorida boʻlib, suvoʻtlari yoki payraha bilan qoplanadi. Xatkaning kirish joylari suvostida. Qunduz yoz oxiri yoki kuzda qish uchun ovqat gʻamlaydi. Xoda, novda va butoqlarni kesib, uyasiga yaqin joyga taxlaydi. Bu omborlarning balandligi baʼzan 1 m dan oshadi va yuzlab shox-shabbadan iborat boʻladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!