20.02.2024
Negadir tabiat yer yuzida yashaydigan boshqa tirik mavjudotlarga qaraganda hasharotlarga juda qisqa umr ato etgan. Ammo koʻplab hasharotlar orasida hayvonot dunyosining koʻpchilik vakillaridan koʻra uzoq umr koʻradigan bittasi bor. Bu hasharot chirildoqning (sikada) 17 yil yashaydigan turidir. Ona termitlardan tashqari boshqa hech qaysi hasharot umr koʻrish davomiyligining bu chegarasiga hatto yaqinlasha olmaydi.
Biroq boshqa hasharotlarning sikadaga havas qilishi dargumon, chunki u 17 yil davomida yerostida uxlaydi, keyin yana 5 hafta yashash va oʻlish uchun yorugʻ dunyoga chiqadi. Tabiatga bunday mayda hasharotning rivojlanishi uchun 17 yil nega kerakligini hech kim bilmaydi. Bizga faqat sikada tuxumlarini daraxt novdalariga qoʻyishi maʼlum. Mayda sikadalar tuxumdan chiqqan zahoti pastga qulaydi va yerga koʻmilib, ildizlarga yopishib oladi. Bu gʻumbaklar shu holatda keyingi 17 yil davomida ildiz sharbati bilan oziqlanadi va harakatsiz boʻladi.
Bu davr oʻtgach qandaydir nomaʼlum kuch ularni yorugʻ dunyoga chiqishga majbur qiladi. Ular daraxtga koʻtariladi va qobigʻi ochilib, undan yetuk sikada chiqadi. Aytgancha, siz baʼzan shahar tashqarisida eshitgan, quloqni teshadigan chinqiroq ovozni erkak sikada chiqaradi. Erkak sikadaning kichik “likopcha”lari boʻlib, mushaklari bilan ularni tinimsiz tebratadi. Olimlarning taʼkidlashicha, sikadaning bu tovushni chiqaradigan aʼzosi tabiatda maʼlum boʻlgan, eng murakkab “musiqiy” asbobdir. Sikadaning 800 dan ortiq turi mavjud, ammo uzoq umr koʻradigan sikada faqat AQShda uchraydi. Sikadalarning aksariyati taxminan ikki yil yashaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.