20.02.2024
Agar siz gulchilik bilan shugʻullanmagan boʻlsangiz, u holda barcha gullarni nafis va zararsiz deb oʻylashingiz mumkin. Ammo hasharotlar bilan oziqlanadigan oʻsimliklarning kamida uch xil turi mavjud va ularning har biri oʻlja ovlaydigan har qanday hayvon kabi aqlli va qonxoʻrdir.
Bunday oʻsimliklarning eng nomdori Borneo va tropik Osiyoda oʻsadigan nepentesdir. Nepentes hasharotlarni oʻziga jalb qiladigan xushboʻy sharbat ajratadi. Qoʻshimcha tuzoq sifatida oʻsimlikning qirralari qizil rangga boʻyalgan. O‘simlikning yorqinligi va xushboʻy hidiga mast boʻlgan hasharot shiradan ichish uchun koʻza shaklidagi gulning chetiga qoʻnadi. Koʻza devorining yuqori qismi shunchalik silliqki, qoʻngan hasharot pastga, uni kutib turgan, kuchli taʼsir qiluvchi suyuqlik vannasiga sirgʻanib tushadi. Hasharot unga choʻka boshlaydi, suyuqlik esa qurbonni hazm qilib, oʻsimlik uchun ozuqaga aylantiradi.
Boshqa ayyor hasharotxoʻr oʻsimlik rosyanka (botqoqlikda oʻsadigan hasharotxoʻr oʻsimlik) deb ataladi. O‘simlik bargining yuqori tomoni mayda tuklar bilan qoplangan boʻlib, u tuklarning uchida shudring kabi osilib turadigan, jozibador suyuqlik ajratadi. Tuklarning birortasiga tegib ketgan hasharot darhol unga yopishib qoladi. Atrofdagi qolgan tuklar esa bu joyga egilib, qurbonni mahkam oʻrab oladi. Bechora hasharotni oʻrab turgan suyuqlik uni hazm qila boshlaydi. Taxminan ikki kundan keyin butun jarayon tugaydi va tuklar qayta ochiladi.
Shimoliy va Janubiy Kaliforniyada dioneya (boshqa nomi — Venera pashshatutqichi) oʻsimligini uchratish mumkin. Bu eng “ishbilarmon” hasharotxoʻr oʻsimlik. U ochkoʻz jagʻlarga oʻxshash bargining ikki tabaqasini ochib turadi. Pashsha barg yuzasida oʻsadigan tuklarga tegib ketganda, tabaqalar qopqon kabi yopiladi. Pashsha oʻsimlik sharbatlari bilan hazm qilingandan soʻng bu tabaqalar yana ochilib, avvalgi holatiga qaytadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.