Nega chivin insonning ashaddiy dushmani hisoblanadi?

Yozgi quyosh ostida oʻynayotganingizni yoki shunchaki toblanib yotganingizni bir tasavvur qiling. Toʻsatdan qandaydir gʻuvullashni eshitib, qoʻl yoki oyogʻingizga tez sanchilgan nishni his qilasiz. Oʻsha joyni qattiq shapaloqlab, teriga nazar solsangiz, u yerda mayda qon dogʻiga koʻzingiz tushadi. Bu hozirgina insonning eng ashaddiy dushmanlaridan biri bilan jang qilganingizni anglatadi. Koʻpchiligimiz uchun chivin gʻingʻillashi bilan, ayniqsa kechasi juda bezovta qiluvchi parazitdir. Shuningdek, chivin chaqishi va chaqilgan joyning qichishi ham yoqimsiz holat.

Ammo bu kichik hasharot shunchaki parazit emas. Bezgak va sariq isitma tarqatuvchisi boʻlgan chivinlar qadimgi yunon va rim sivilizatsiyalarining qulashida muhim ahamiyat kasb etgan, yangi yerlarni kashf etgan koʻplab sayohatchilarni halok qilgan. Tropik qirgʻoq va issiq iqlimli joylarda asosan chivinlar tufayli odamlar kam yashaydi va kam rivojlangan.

Yaxshiyamki, soʻnggi yillarda odamzod bu parazitlarning tarqatuvchi kasalliklariga qarshi kurashishni oʻrgandi. Chivinning erkagi faqat oʻsimlik sharbati bilan oziqlanadi, lekin urgʻochisi qonni afzal koʻradi. Shuning uchun, faqat urgʻochisi chaqadi va aytish joizki, u ushbu “ish” uchun munosib jihozga ega. Urgʻochi chivinning xartumchasida teriostiga suyuqlik yuborish va soʻrib olish kanallari bilan jihozlangan, qirrasi kertik nishtar bor.

Urgʻochi chivin teriga qoʻngan zahoti uni burgʻilay boshlaydi. Hosil boʻlgan mayda teshikka qonning ivishiga yoʻl qoʻymaydigan, kimyoviy suyuqlikni yuborgach, qonni soʻrib oladi va uchib ketadi. Odatda bu joyning qichishi chaqilgani uchun emas, balki teriostiga yuborilgan aynan shu suyuqlik tufayli yuzaga keladi. Agar chivinni qon bilan birga shu suyuqlikni soʻrib olishidan oldin oʻldirsangiz, yoqimsiz qichishish yanada kuchayganini sezasiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!