Shira nima?
Shira nima? Shira haqida.
2 min
Hayvonot olami

Shira (oʻsimlik biti) — uzunligi 6 mm dan oshmaydigan, yashil va jigarrang hasharotlar. Shira shunchalik tez koʻpayadiki, agar tabiiy dushmanlari tomonidan yoʻq qilinmasa, ular yer yuzidagi deyarli barcha oʻsimliklarni yeb bitiradi. Shirani har xil oʻsimliklarning bargi, poyasi, ildizlarida uchratish mumkin. Bu hasharotlar koʻpincha mevali daraxt, gul, sabzavot va ekinlarga katta zarar yetkazadi. Ularning kichkina boshidan chiqib turadigan ogʻzi yoki xartumchasi gʻayrioddiy kuchga ega. Shira bu xartumchasi bilan barg yuzasini teshib, uning sharbatini soʻrib oladi, shundan soʻng oʻsimlik quriydi va nobud boʻladi.

Shira hayotidagi eng qiziq narsa shuki, uning tanasidan “asal shudringi” deb ataladigan shirin suyuqlik ajralib chiqadi, chumolilar esa bu suyuqlikni ichishni yoqtiradi. Chumolilar shiralarni ushlab, fermer sigirni parvarish qilgani kabi ularni parvarishlaydi. Shiralarni uyasiga olib kelgan chumolilar ularni yetarli miqdorda koʻkatlar bilan taʼminlab, avaylab himoya qiladi. Chumoli “sigirini” sogʻmoqchi boʻlganida, u shira qornini moʻylovi bilan silaydi va shira qorinchasi chetida mayda asal tomchilari paydo boʻladi. Chumoli ana shu tomchilarni ichadi. Inson shiralarni himoya qilishi uchun biron-bir sabab boʻlmagani tufayli ularni kimyoviy moddalar purkash bilan yoʻq qiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!