20.02.2024
Asalarilarning minglab turi mavjud, shuning uchun ham har xil turlarning odat va turmush tarzi bir-biridan keskin farq qiladi. Ammo bizni asalarilar bilan bogʻliq asosiy ikki narsa qiziqtiradi: ular asalni qanday ishlab chiqaradi va ijtimoiy asalarilar oʻz hayotini qanday tashkil qiladi. Asal ishlab chiqarish jarayonida ari guldan gulga uchib oʻtib, ularning nektarini ichadi. Uni oshqozon oldida joylashgan, ammo undan alohida boʻlgan ovqat hazm qilish traktining xaltaga oʻxshash kengaygan qismidagi asal sumkasida uyasiga olib boradi. Nektarni asalga aylantirishning birinchi bosqichi aynan asal sumkasida sodir boʻladi, bu yerda nektar tarkibidagi shakar kimyoviy oʻzgarishlarga uchraydi.
Nektar asalga aylanishidan oldin asalarilar undagi suvning katta qismini bugʻlantirib chiqarib yuboradi. Tukli arilar tomonidan “asal tuvakchalari”da saqlanadigan asal ham nektar kabi deyarli suyuq, ammo u tez achiydi. Asalarilar tomonidan mumkataklarda saqlanadigan asal shunchalik quritiladiki, uni deyarli abadiy saqlash mumkin. Xoʻsh, qishda nima boʻladi? Moʻtadil iqlim sharoitida yosh tukli ona arilar qishni quruq qumloq yoki boshqa mos joylarda, qazilgan inlarda oʻtkazadi.
Ona ari — koloniyaning qishda omon qoladigan yagona aʼzosi boʻlib, bahorda yangi koloniyani yaratadi. Asalarilar “baxtli” hasharot, ular barcha iqlim oʻzgarishlariga moslasha oladi. Ularning jamoaviy tuzilmasi shu qadar samarali va murakkabki, uni insoniyat jamiyati bilan taqqoslash mumkin. Ishchi asalarilar uyadagi haroratni (asalarilar rivojlanadigan joylarda taxminan 34 °C) katta aniqlik bilan ushlab turadi.
Qishda asalarilar haroratning 7 °C dan pastga tushishiga yoʻl qoʻymaydi. Zaxiraga saqlangan asal asalarilar tomonidan yoqilgʻi sifatida ishlatiladi, yaʼni uni isteʼmol qilish orqali ular normal haroratni saqlab turish uchun zarur boʻlgan issiqlikni chiqaradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.