Kalamushlar zararkunandami?

Insoniyat tarixida kalamushlar bilan boʻlgani kabi odamzod bunchalik gʻazab va gʻayrat bilan kurashadigan boshqa hayvon yoʻq. Kalamushlarning aksariyat turi mutlaqo beziyon va qiziqarli boʻlsa-da, ularning eng keng tarqalgan ikkita — qoʻngʻir va qora turi butun oilasining jirkanch shuhrat qozonishiga sababchi boʻlgan. Xoʻsh, odamlar nega kalamushlarga qarshi kurashadi?

Gap shundaki, har yili bu hayvonlar millionlab tonna qimmatbaho donni yakson qiladi, xonaki va sayroqi qushlarni hamda ularning tuxumini yep ketadi, uy va kemalardagi mahsulotlarga zarar yetkazadi. Koʻplab yongʻinlar kalamushlar tomonidan pilik, gaz quvuri va elektr simlari izolyatsiyasining kemirilishi tufayli yuz bergan, ular shikastlagan suv quvurlari esa uylarda suv toshqiniga sabab boʻlgan. Bundan tashqari, kalamushlar pol va mebellarga zarar yetkazadi. Shuningdek, ular kasalliklar, shu jumladan, bizning davrimizda kamdan kam uchraydigan qora oʻlatni tarqatadi.

Shaharlardagi kalamushlar soni, aftidan, odamlar sonidan kam emas, qishloqlarda esa har bir kishiga 3–4 ta kalamush toʻgʻri keladi! Ular devorga tirmashib chiqishi, yerga koʻmilib olishi, uy ichida va tashqarida, quruq, nam joylarda yashashi mumkin. Odatda sabzavotlarni afzal koʻradigan kalamushlar hamma narsani yeydi. Bu hayvonlar har qanday joyda yashashi va juda tez koʻpayishi mumkinligi tufayli ularni nazorat qilish juda qiyin. Urgʻochi kalamush yiliga 10 tagacha bolani tugʻishi mumkin, ular esa oʻz navbatida 4 oydan keyin oʻz avlodini dunyoga keltirishga tayyor boʻladi.

Qora kalamushlarning vatani Kichik Osiyo yarimoroli va Sharqning baʼzi mamlakatlari. Yevropaga bu kalamushlar Falastindan qaytgan salibchilar bilan kelgan. Qoʻngʻir kalamushlar dastlab Markaziy Osiyoning taqir dashtlarida yashagan va ommaviy migratsiyasini, ehtimol, Rim imperiyasi davridan biroz oldin boshlagan. Qora kalamushlar singari ular ham kemalar tryumida¹ (kemaning mexanizmlar oʻrnatiladigan va yuk ortiladigan ostki qismi) dunyoning har bir burchagiga borib, oʻzining eng moslashuvchan hayvonlardan biri ekanini namoyon etdi. Odamlar bilan birga yashaydigan yana bir kemiruvchi — sichqonlar kabi kalamushlar ham juda mashhur uy hayvoniga aylandi va shu maqsadda maxsus yetishtiriladi. Albatta, xonaki kalamushlarni koʻpaytirish uchun rangi va baʼzi odatlariga koʻra qarindosh boʻlgan, oddiy yovvoyi kalamushlardan hech qachon foydalanilmaydi.

Oq kalamushlar aslida albinos qoʻngʻir kalamushlardir. Albinos bu — teri va jun pigmentatsiyasi buzilgan hayvon. Bunday jonzotlar kamdan kam uchraydi, ammo odam rangi tufayli albinoslarni maxsus koʻpaytiradi. Xonaki kalamushlarni qafasda saqlagan maʼqul, lekin yashash maydoni katta boʻlishi kerak. Qafasda ikkinchi “qavat”ga olib boradigan qiyalik yaratish tavsiya etiladi. Albatta, temir qafaslardan foydalanish maqbuldir, chunki kalamushlar uyasidan zerikkanida yogʻoch chiviqlarni kemirib tashlashi mumkin.

Xonaki kalamushlar ovqat tanlamaydi va ular uchun eng yaxshi ovqat bu — qush ozuqasi bilan aralashtirilgan, tuyilgan yoki maydalangan suli yormasi. Xonaki kalamushlar ikki yildan uch yilgacha umr koʻradi.


¹Tryum1. Kemaning mexanizmlar oʻrnatiladigan va yuk ortiladigan ostki qismi; 2 teatr. Sahna ostidagi xona.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!