20.02.2024
Ilonning harakatini kuzata turib asosan ikkita narsadan hayratda qolish mumkin. Birinchisi, uning harakatlanishi: oyog‘i koʻrinmaydi, ilonning tanasini hech narsa itarmaydi yoki tortmaydi, lekin u harakat qiladi!
Ikkinchisi, ilonning tanasi xuddi suyaksizdek va u yer yuzida “oqib” yurgandek. Shunga qaramay, ilon tanasi suyaklarga toʻla, bu fakt!
Ilon qovurgʻalar birikkan, boʻgʻimli umurtqa pogʻonasiga ega. Ayrim ilonlarda egiluvchan umurtqa pogʻonasiga 145 juft qovurgʻa birikkan boʻlishi mumkin. Umurtqa pogʻonasi bir-biriga oʻziga xos sharnirli (oshiq-moshiq) birikmalar bilan birikadi, har bir pogʻonaga esa oʻz qovurgʻalar juftligi birikib, bu umurtqa pogʻonasi va qovurgʻalarning harakat erkinligini taʼminlaydi. Oʻz navbatida, har bir juft qovurgʻaning uchi mushaklar bilan ilonning qornidagi plastinkalardan (tangachalardan) biriga birikadi. Ilonning boshi va jagʻida ham suyaklar bor.
Ovqatlanish paytida ilon jagʻini juda katta ochishga qodir, chunki ogʻiz va tomoq suyaklari o‘zaro qattiq birikmagan. Darhaqiqat, koʻpchilik ilonlar oʻljasini hatto oʻldirmasdan ham yutib yuboradi. Ilon uni tiriklayin hazm qiladi. Koʻrib turganingizdek, ilonning silliq tanasi mustahkam negizdan mutlaqo mahrumdek koʻrinsa ham, ularning suyagi bor.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.