20.02.2024
Hozirgi ilonlarning oyogʻi yoʻqligi ularning hech qachon oyogʻi boʻlmaganini anglatmaydi. Ammo ilonlar oyogʻini qanday va qachon yoʻqotgani fanga haligacha nomaʼlum. Baʼzi olimlarning fikriga koʻra, ilonlarning ajdodi bugungi kungacha saqlanib qolgan yerqazar kaltakesaklarning ayrim turlari boʻlgan. Bu kaltakesaklarning oyog‘i juda kalta yoki umuman yoʻq. Ammo bir vaqtlar ilonlar barcha oyog‘ini birdan yoʻqotganiga qaramay, ular harakat qilish qobiliyatini yoʻqotmadi. Ilon ularsiz ham juda yaxshi harakatlanadi. Ilonning harakatlanishiga qorin boʻshligʻida joylashgan qavariq plastinkalar yordam beradi.
Ilonlar toʻrt xil usulda harakatlanadi. Yonlama toʻlqinsimon harakat. Ilon tanasi bilan S harfi shakliga oʻxshash toʻlqinli, egri chiziq boʻylab harakatlanadi va tanasi bilan yerning notekisliklaridan itarilib, oldinga siljiydi. Ular toʻgʻri chiziqli harakatni ham bajara oladi. Qornidagi plastinkalarning kichik guruhlari ilon tanasining bir qismini oldinga surgan vaqtda qolgan plastinkalar orqada qolib, tanaga tayanch beradi. Shundan soʻng tananing orqa qismidagi plastinkalar ham tortilib, ularga yetib olishi uchun oldinga siljigan plastinkalar tanani ushlab turadi.
Spiralsimon harakatlardan ilon daraxtlarga chiqishda foydalanadi. Ilon dumi bilan daraxt tanasini oʻrab, tanasining old qismini yuqoriga siljitadi va daraxtda maʼlum bir balandlikda ilinib olgach, tananing pastki qismini tortib oladi. Yonlama harakatni ham unutmaslik kerak. Bu usul bilan harakatlanganda ilon tanasining old qismini yonga tashlaydi, keyin orqa qismini tortib, xuddi shu jarayonni yana takrorlaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.