20.02.2024
Tuyaqushga qaysi tarafdan qaramang, u gʻaroyib va ajoyib qush. U eng katta qush hisoblansa-da, ucha olmaydi. Kichik qanotlaridan tez yugurganida muvozanat saqlash uchun foydalanadi. Bu qushning boshi va boʻynida pat deyarli yoʻq, uzun oyog‘i esa atigi ikki barmoq bilan tugaydi. Erkak tuyaqushning patlari qanot va oq dumidagidan tashqari, qora yoki toʻq jigarrang. Urgʻochisining pati esa ancha xira va kaltaroq.
Taxmin qilganingizdek, bunday qushning sayroqi ovozi boʻlishi dargumon, ammo tuyaqushning ovozi bor. Yilning koʻp qismida tuyaqushlar faqat baland va shipillagan ovoz chiqaradi. Ammo juftlashish davrida ularning ovozi “ochiladi” va hatto uzoq masofadan ham yaxshi eshitiladigan, yangroq naʼra tortadi. Uch yoki toʻrtta urgʻochi tuyaqush tuxumlarini qumda qazilgan bitta sayoz chuqurchaga qoʻyadi va ularni navbatma-navbat bosadi, tunda esa erkagi ularni almashtiradi. Tuyaqush tuxumi hozirgi qushlar qoʻyadigan tuxumlarning eng kattasidir. Tuyaqush juda yebtoʻymas. U asosan oʻsimlik, rezavor va donlar bilan oziqlanadi. Ovqat yaxshiroq hazm qilinishi uchun tuyaqush baʼzan katta tosh, temir parchasi va boshqa jismlarni yutadi.
Odamlar tuyaqushlarni ajoyib patlari uchun koʻpaytiradi. Tuyaqush patini birinchi marta u bir yoshga toʻlmasdan yulish mumkin va har safar yulingan patlar oʻrnida yangilari oʻsib chiqadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.