20.02.2024
Tabiatning eng diqqatga sazovor hodisalaridan biri, baʼzi qushlarning katta masofani bosib oʻtib, oʻz uyini yoki boshqa manzilni topish qobiliyatidir. Qadimgi rimliklar kaptarlardan 2000 yil oldin ham xatlarni tashish uchun foydalanganini bilasizmi? Hatto zamonaviy armiyalarda har xil xabar uzatish uskunalari mavjud boʻlgan hozirgi vaqtda ham, har qanday aloqa vositalaridan foydalanish imkoni boʻlmagan holatlarda kaptarlardan foydalanish uchun ularni oʻrgatish davom etmoqda. Koʻpgina olimlar qushlarning bu ajablanarli qobiliyatini oʻrgangan boʻlsa-da, hozirgacha bu savolga toʻliq javob olinmadi.
Eng keng tarqalgan nazariyaga koʻra, kaptarlar yoʻnalishini quyoshga qarab aniqlaydi. Maʼlumki, kun davomida quyosh yer yuzasiga nisbatan turli burchaklarda boʻladi: ertalab — pastda, tushda — yuqorida, kechqurun esa yana pastda. Baʼzi olimlarning fikriga koʻra, kaptar quyoshning osmondagi oʻrnini farqlay oladi va unga koʻra oʻzining parvoz yoʻnalishini aniqlaydi. Bu deyarli aql bovar qilmas fikrdek tuyulishi mumkin, ammo hozircha hech kim boshqa yaxshiroq izoh bera olmadi. Hamma qushlar, hatto barcha kaptarlar ham bunga qodir emas.
Kaptarlarning 289 ta turi bor va ular orasida sezilarli farqlar mavjud. Kaptarlarning ayrim turlari yolgʻiz yashashni va sayohat qilishni afzal koʻradi, boshqalarini faqat gala holida uchratish mumkin. Ayrimlari ozuqasini yerdan topadi va oʻsha joyda yashaydi. Ammo aksariyat turlar serdaraxt joylarda yashaydi va oʻz uyasini daraxt shoxlariga quradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.