Toshbaqaning ovozi bormi?

“Ovoz” deb biz odatda tushunadigan narsani nazarda tutsak, javob salbiy boʻladi. Ammo yer yuzida irillaydigan, oʻkiradigan va hatto uvullaydigan gigant toshbaqalar bor. Toshbaqalar sudralib yuruvchilarning quruqlik, dengiz va chuchuk suvda yashovchi, uch guruhga boʻlingan katta oilasidir. Bu oilaning yoshi dinozavrlardan ham ulugʻroq ekanini bilarmidingiz? Balki toshbaqalarning ovozsiz boʻlishiga sabab, ovozning ularga himoyalanish uchun keraksizligidir. Chunki ular suyak negizida muguzli plastinalar bilan qoplangan, ajoyib zirh — kosaga ega. Kosa yuqori qismi orqa tomonni, pastki qismi esa toshbaqaning qornini himoya qiladigan, ikki qismdan iborat. Toshbaqa kosaning bu ikki qismi orasidagi teshiklar orqali boshi, boʻyni, quyrugʻi va panjalarini chiqara oladi. Toshbaqalar hayratlanarli oʻlchamgacha oʻsishi mumkin.

Dunyodagi eng kattasi — terisi qalin toshbaqa. Uning vazni 450 kilogrammga yetadi. Ammo bu yoʻq boʻlib ketgan toshbaqalarning baʼzi turlari bilan solishtirilganda arzimagan narsa. Bunday turlardan biri kolossoxelis deb ataladi. Bu taxminan 5 million yil oldin yashagan ulkan toshbaqa boʻlib, Londondagi tabiiy tarix muzeyida ulardan birining toʻliq skeletini koʻrish mumkin. Kosasining kattaligi kichik avtomobilga teng boʻlib, agar unga motor va gʻildiraklar oʻrnatilsa, bu “transport vositasi”da bemalol London koʻchalarida sayr qilish mumkin. Shuningdek, toshbaqalar juda uzoq umr koʻradi deb hisoblanadi. Gigant toshbaqa har qanday umurtqali hayvondan uzoqroq yashaydi.

Bunday toshbaqalar 100 yil va undan ham koʻp umr koʻrgan koʻplab holatlar qayd etilgan boʻlib, hatto 200 yilga yaqin yashaganlari ham uchrab turadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!