20.02.2024
Meduzalar eng gʻalati dengiz jonzotlaridir, chunki ular butunlay ilviragan massadan iborat. Ular baliqqa oʻxshamaydi va ularning qarindoshi emas. Meduzalarni yoqimsiz hislarni keltirib chiqaradigan va xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan nishi himoya qiladi.
Meduzaning shakli toʻnkarilgan kosaga oʻxshaydi. Kosa ostida uning ovqat hazm qilish tizimi joylashgan. Ovqat hazm qilish tizimi markazda osilib turgan va uchi kengaygan naycha bilan tugaydi. Kosalar atrofida joylashgan paypaslagichlar ozuqani yigʻish va suzish uchun xizmat qiladi. Paypaslagichlari orasida nerv markazi va sezgi aʼzolari joylashgan. Meduzaning kosasimon tanasi orasida jelega oʻxshash qatlam joylashgan, ikkita yupqa toʻqimadan iborat. Uning tanasi 98 foiz suvdan iborat boʻlgani uchun meduza suvdan chiqarilsa, tezda qurib qoladi. Albatta, meduza kichik boʻlsa, uning nishi taʼsiri unchalik xavfli boʻlmasligi mumkin. Ammo yiriklari bilan vaziyat butunlay boshqacha boʻladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tanasi diametri toʻrt, paypaslagichlari uzunligi esa 30 metrgacha boʻlgan meduzalar mavjud. Agar bunday meduza sizni “quchoqlasa”, nafas olishda qiyinchiliklarga duch kelishingiz yoki qisman falaj boʻlishingiz mumkin. Eng katta meduzalardan biri boʻlgan portugaliyalik askar butun makrelni (kichikroq dengiz baligʻi) oʻldirib, yeyishi mumkin.
Avstraliya qirgʻoqlarida koʻplab oʻlimga olib kelgan holatlar tufayli mashhur boʻlgan dengiz arisi nomli meduza uchraydi. U paypaslagichlari tufayli xavflidir. Ularning baʼzilari oʻljaning tanasiga sanchiladigan tikanaklar bilan jihozlangan. Tikanaklar oʻljani oʻldiradigan yoki falaj qiladigan zaharli bezlar bilan bogʻlangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.