20.02.2024
Taxminan 4000 yil oldin bir xitoylik baliqchi ustritsa uning ochligini qondirishi mumkin deb oʻylagan. U bir nechta chigʻanoqni ochib, ehtimol, marvaridlarni kashf etgan birinchi odam boʻlgan. Marvaridlar ustritsa qobig‘ining ichki yuzasini qoplaydigan sadaf bilan bir xil moddadan iborat. Ustritsaning tanasi juda nozik va uni himoya qilish maqsadida tanani silliq yuzaga yotqizish uchun sadaf qoplamasini ishlab chiqaradi. Chigʻanoq ichiga biron-bir begona narsa, masalan, qum zarrasi tushganda, ustritsa uni ustma-ust sadaf bilan qoplaydi va bu narsa marvaridga aylanadi. Bu tabiiy ravishda sodir boʻlganda, marvarid mukammal shaklga ega boʻlishi mumkin.
Ammo odam ustritsalardan sunʼiy ravishda marvarid yaratishda foydalanish usulini topdi. Ustritsa tanasining tashqi qoplamasi va chigʻanoqning ichki yuzasi oʻrtasiga qum zarrasi yoki sadafning mayda boʻlagi kiritiladi. Oradan 2—3 yil oʻtgach, bu chigʻanoqlarni suvdan chiqarib ochilganida ichida marvarid topiladi. Bu sunʼiy marvarid deb ataladi va uning shakli odatda uncha mukammal boʻlmaydi.
Yaponiyada mukammal shakldagi marvaridlar yasashning yoʻlini topishdi. Begona narsa toʻgʻridan toʻgʻri ustritsa tanasiga kiritiladi, yaʼni juda ehtiyotkorlik va aniqlikni talab qiladigan, haqiqiy jarrohlik amaliyoti amalga oshiriladi. Chunki ustritsa tirik qolishi kerak. Hozirgacha topilgan eng katta marvaridning uzunligi 5, diametri esa 10 santimetrga teng. Tabiiy marvarid juda qimmat boʻlgani uchun koʻpchilik sunʼiy marvaridlardan foydalanadi.
Fransuzlar juda chiroyli, sunʼiy marvaridlarni yasaydi. Ular buning uchun ichi boʻsh munchoqni olib, ularni ayrim baliq turlarining yaltiroq tangachalaridan olinadigan modda bilan qoplab, keyin munchoqlarni mum bilan toʻldiradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.