20.02.2024
Kambalaning deyarli barcha turi juda qimmatli oziq-ovqat hisoblanadi. Yevropa paltusi dunyodagi eng mazali baliqlardan biri hisoblanadi. Kambala oilasining eng katta vakili — oq paltus. Bu baliqning jigarida eng yuqori miqdordagi A vitaminiga ega yogʻ hamda D vitamini ham borligi aniqlangandan soʻng paltus maxsus ovlana boshlandi. Hatto bu baliqni tutish uchun maxsus kemalar ham qurildi.
Ammo kambala sinfidagi ovlanadigan baliqlarining eng ahamiyatlisi Yevropa qirgʻoqlarida yashaydigan kambala boʻlib qolmoqda. Bu baliq qizil dogʻlar tushgan, oʻziga xos rangi bilan ajralib turadi. Kambalaning 500 dan ortiq turi orasida katta fletan, oddiy paltus, yapaloqbaliq, kosorotlarni sanab oʻtish mumkin. Ularning barchasi quymoqqa oʻxshash yalpoq tanaga ega boʻlib, dengiz tubida yotishi yoki yonbosh boʻlib suzishi mumkin. Bu vaqtda ularning ikkala koʻzi esa boshqa tomonida — tepada boʻladi.
Qachonlardir kambala yonboshlab suzmagan va yotmagan. Ular normal holatda harakatlangan, ammo natijada dushmanlarining oson oʻljasiga aylangan. Shu sababli omon qolish uchun ular yonboshlab suzadigan va yotadigan, ming yillar oʻtgach esa barcha kambalalar shunday boʻlgan.
Ammo yana bir muammo bor edi. Yonboshlab yotganda bir koʻz loyga botib, ogʻiz esa ovqatlanish uchun juda noqulay holatga kelardi. Shuning uchun, ming yillar davomida bu baliqlar koʻrish uchun pastki koʻzni joyidan siljitishga harakat qilgan. Asta-sekin koʻz boshning yuqori qismiga oʻtgan. Hozirgi vaqtda ham har bir kambala bu jarayonning barcha bosqichlarini bosib oʻtishi juda hayratlanarli. Tugʻilgandan soʻng u hayoti davomida evolyutsiyaning barcha bosqichlarini bosib oʻtadi — uning koʻzi haqiqatan ham boshning bir tomonidan ikkinchi tomoniga oʻtadi va oxirida oʻsha yerda qoladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.