20.02.2024
Suvda yashaydigan va tana shakli bilan baliqqa oʻxshaydigan kit nega baliq hisoblanmaydi? Chunki kit — yerdagi ajdodlardan kelib chiqqan dengiz sutemizuvchisi. Suvda oʻtkazilgan koʻp ming yillar davomida kitlar shakli bilan baliqqa oʻxshay boshlagan, ammo tana tuzilishi va turmush tarzi bilan u quruqlikdagi hayvonlarga oʻxshashligicha qolgan.
Masalan, kitning suzgichlari besh barmoqli qoʻlni eslatuvchi, ichki tuzilishga ega. Baʼzi kitlarning tanasida orqa oyoqlari oʻrnida hatto suyaklar ham bor. Ammo kitlarning baliqlardan eng muhim farqi shundaki, kitlar boshqa barcha sutemizuvchilar singari bolasini ona suti bilan boqadi. Bolalari tuxum yoki urugʻdan chiqmaydi, balki tirik tugʻiladi. Kit bolasi tugʻilganidan keyin birmuncha vaqt uni parvarish qiluvchi onasining yonida boʻladi.
Barcha sutemizuvchilar issiqqon boʻlgani, kitning esa muzday suvda uni isitadigan moʻynasi yoʻqligi sababli uning oʻrniga issiqlikni saqlaydigan, yogʻ bilan toʻldirilgan teriosti toʻqimalari qatlami bor. Shuningdek, kitlar baliqlardan farqli ravishda nafas oladi. Oyquloq oʻrniga ularning oʻpkasi bor va boshning yuqori qismida joylashgan ikkita burun teshigi orqali nafas oladi.
Kitlar suvning ostiga shoʻngʻiganida, suv kirmasligi uchun bu burun teshiklari kichik klapanlar bilan yopiladi. Har 5—10 daqiqada kit nafas olish uchun suv yuzasiga koʻtariladi. Avvalo, u burun teshigi orqali chiqindi havoni shovqin bilan chiqarib yuboradi. Natijada kitlar tasvirlangan rasmlarda chiziladigan oʻsha “favvora” paydo boʻladi. Keyin u oʻpkasini toza havo bilan toʻldirib, suvning ostida suzishni davom ettirish uchun yana shoʻngʻiydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.