Yexidna nima?

Yexidna (Avstraliya va unga tutash baʼzi orollarda yashaydigan kirpisimon jonivor) uchratish mumkin boʻlgan eng gʻalati hayvonlardan biridir. Yexidna uzun tirnoqlarga ega boʻlib, naychasimon tumshugʻi tipratikan yoki jayranikiga oʻxshash kalta va qattiq tikanlar bilan qoplangan. Ammo eng qizigʻi, bu sutemizuvchi tuxum qoʻyadi. Bundan tashqari, u sutemizuvchilarga mansub boʻlsa-da, qushlar singari ham ichni boʻshatish, ham tuxum qoʻyish uchun xizmat qiladigan, bitta chiqish teshigiga ega. Shuning uchun yexidna va oʻrdakburun “qush-hayvonlar” deb ataladi. Yexidna asosiy ozuqasi boʻlgan chumoli va hasharotlarni yerdan qazib oladi.

Yexidna Avstraliya va Yangi Gvineyada uchraydi. Uning tumshugʻi naycha shaklida — choʻzilgan va ingichka. Oyog‘i kalta va baquvvat, yerni qazish uchun xizmat qiladigan uzun, egilgan tirnoqlarga ega. Yexidnaning tili uzun, yopishqoq boʻlib, hasharotni ushlash uchun uzoqqa choʻzilishi mumkin. Yangi Gvineyada yashaydigan yexidnaning uzunligi qariyb 80 santimetrga yetishi mumkin, Avstraliyadagi turi esa biroz kichikroq. Bolasini emizish vaqtida yexidnaning qorin boʻshligʻida orqaga ochiladigan xalta hosil boʻladi.

Tuxumlarining bu xaltaga qanday tushishini hech kim aniq ayta olmaydi. Katta ehtimol bilan, urgʻochisi tuxum qoʻyganida, u tuxum toʻgʻridan toʻgʻri shu xaltaga tushadigan tarzda kulala boʻlib oʻraladi. U tuxumlarni bolalari ochib chiqqunga qadar koʻtarib yuradi, bolalari esa xalta ularga torlik qilguncha oʻsha yerda yashaydi. U vaqtda onasi ovga chiqayotganda ularni biron-bir uya yoki pana joyda qoldiradi. Xavf tugʻilganida yexidna turgan joyida darhol yerga koʻmilib oladi, dushman esa faqat uning oʻtkir ignalarini koʻradi. Yexidna butunlay yerga koʻmilib olishi uchun bir necha daqiqa yetarli.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!