Ko‘rshapalakning tishi bormi?

Koʻrshapalakning 2000 dan ortiq turi va ular orasida anchagina farqlar mavjud. Aksariyat koʻrshapalaklar hasharotlar bilan kifoyalanadi, ammo tropik hududlarda meva yoki gulchang bilan oziqlanadiganlari ham bor. Baliq va boshqa kichikroq koʻrshapalaklarni yeydigan yoki hatto hayvonlarning qonini ham ichadigan turlari mavjud.

Buyuk Britaniyadagi eng katta koʻrshapalak qanotlarining uzunligi 33 dan 36 santimetrgacha boʻlib, tanasi 13 santimetrga yetadi. U daraxtzor joylarda yashaydi va katta hasharotlar bilan oziqlanadi. Meva bilan oziqlanadigan koʻrshapalaklar tropikda yashaydi. Ular keng, yassi tishlari yordamida meva sharbatini siqib chiqaradi. Gulchang bilan oziqlanadigan koʻrshapalaklarning uzun tili ularga gul ichiga kirishga imkon beradi.

Vampir koʻrshapalaklar faqat qon bilan oziqlanadi. Ular ot, sigir, it, tovuqlarning qonini soʻradi va hatto odamlarga ham hujum qiladi. Ikkita oʻtkir yuqori kurak (old) tishi bilan oʻljasining terisini teshadi va yaradan chiqayotgan qonni yalaydi. Koʻrshapalaklarning 20 tadan 38 tagacha tishi boʻlishi mumkin.

Qizigʻi, 22 ta tishli koʻrshapalakning biron-bir turi maʼlum emas. Ayrim hasharotxoʻr koʻrshapalaklarning 38 ta tishi bor. Demak, tishlar ular uchun ahamiyatli. Koʻrshapalaklar bu dunyoda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotganini, ularni sutemizuvchilarning eng qadimgi turkumlaridan biri deb hisoblash mumkin ekanini bilarmidingiz?

Taxminan 60 million yillik koʻrshapalaklarning toshqotgan qoldiqlari topilgan. Koʻrshapalakning eng qadimgi tasviri esa Misrdagi qabrlardan birida aniqlangan. Bu surat taxminan 4 ming yil oldin chizilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!