20.02.2024
Qanchalik gʻalati tuyulmasin, biz koinot haqida qanchalik koʻp narsa bilganimiz sari uni tasavvur qilish shunchalik qiyinlashib bormoqda. Bugungi kunda biz bu nafaqat Yer va Quyosh tizimining boshqa sayyoralari, balki Quyosh tizimini ham oʻz ichiga olgan Somon yoʻli va boshqa galaktikalar ham ekanini bilamiz. Faqatgina bizning galaktikamizda oʻzida 200 000 000 000 ga yaqin yulduz bor, boshqalarda esa yana qanchasi mavjud. Inson ongi bunchalik ulkan narsani qamrab ololmaydi.
Ammo qadimgi davrlarda koinot haqida juda sodda tushuncha mavjud boʻlgan. Odamlar Quyosh, Oy, yulduz va sayyoralar Yer atrofida aylanib yuradigan kichik jismlar deb hisoblagan. Ular koinotni oʻzi koʻrishni xohlagandek tasavvur qilgan, yaʼni uning markazida ulkan, tekis va harakatsiz Yer joylashgan.Uning ustida esa minglab mayda chiroqlar bilan qoplangan osmon gumbazi yoyilgan.
Koinot haqidagi haqiqiy taʼlimotning ilk kurtaklari qadimgi Yunonistonda paydo boʻlgan. Aksariyat yunon astronomlari hali ham Yerning harakatsizligiga va koinotning markazida joylashganiga ishongan. Lekin mashhur olim Pifagor miloddan avvalgi VI asrdayoq Yerni shar shaklida deb taxmin qilgan. Miloddan avvalgi III asrda yashagan Aristarx Yer oʻz oʻqida va harakatsiz Quyosh atrofida aylanadi deb hisoblagan. Yuz yil oʻtgach, yana bir qadimgi yunon astronomi Ptolomey “Almagest” nomli kitob yozgan.
U koinotning markazi — Yer degan notoʻgʻri fikrda boʻlgan, Quyosh va boshqa sayyoralar orbitasini goʻyo Yer atrofida uzluksiz harakatda tasvirlashga uringan. U yaratgan koinot surati Yevropa taʼlimotida koʻp asrlar davomida qoʻllangan.
Faqat 1543-yilga kelib, Kopernik koinotning markazi Quyosh degan fikrni yana ilgari surgan. Keyin teleskop ixtiro qilingan va astronomiyaning rivojlanishi keskin tezlashgan. Asta-sekin insoniyat bizni oʻrab turgan koinot haqida tobora koʻproq maʼlumotga ega boʻlishni boshlagach, u haqidagi zamonaviy tasavvurlar paydo boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.