20.02.2024
Odamlar qorayish uchun terisini quyosh nuri ostida toblaydi. Ammo quyosh nuri teriga juda katta taʼsir koʻrsatishini kam odam tushunadi. Bu taʼsirlarning eng koʻzga tashlanadigani, terining qorayishi yoki qizarishidir. Bunga ultrabinafsha nurlanish taʼsirida terida mavjud boʻlgan gistidinning qon tomirlarini kengaytiradigan boshqa moddaga aylanishi sabab boʻladi.
Aynan shu narsa terining qizarishiga sabab boʻladi. Terida yana bir modda — tirazin mavjud. Ultrabinafsha nurlanish tirazinni jigarrang pigment — melaninga aylantiradi. Soʻngra melanin terini quyosh nurlari taʼsiridan himoya qilish uchun uning tashqi qatlamlariga joylashadi va bu hodisani qorayish deb ataymiz. Quyosh nuri tanaga ijobiy taʼsir ham koʻrsatadi. U terida boʻlishi mumkin boʻlgan zamburugʻ va bakteriyalarni yoʻq qiladi. Quyosh nuri teridagi qon tomirlarini toraytiradigan moddaning paydo boʻlishiga ham olib keladi va bu qon bosimining oshishiga sabab boʻladi.
Quyosh nuri tanadagi infeksiyalarga qarshi kurashadigan baʼzi hujayralarni ham faollashtirishi mumkin. Quyosh nuri taʼsirida hatto tana mushaklari ham tetiklanadi. Uning asab tizimiga ham ijobiy taʼsiri bor. Bundan tashqari, ultrabinafsha nurlar D vitaminini hosil qiladigan kimyoviy oʻzgarishlarni keltirib chiqarib, tanani bu vitamin bilan taʼminlaydi.
Quyosh nuri shunchalik foydali boʻlsa iloji boricha oftobda koʻproq toblanish kerakmi? Bu savolga javob quyidagicha: quyosh nuri tanaga dori sifatida taʼsir qilganligi tufayli ushbu dorining oʻrtacha miqdori olinishini nazorat qilish kerak.
Quyoshda toblanish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak: birinchi kuni bir necha daqiqa, ertasi kuni esa besh daqiqa koʻproq va hokazo. Quyoshda koʻp vaqt qolib ketish teriga ham, butun tanaga ham zarar yetkazishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.