20.02.2024
Odamning suyaklari shunchalik mustahkamki, ularning sinishi hatto ajablanarli. Suyak gʻisht bardosh bera oladiganidan 30 baravar katta yuklamaga chidamli. Tanadagi eng mustahkam suyak —1600 kilogramm yukni koʻtara oladigan boldir suyagi. Baʼzida tashqi yuklamalar natijasida suyaklarning sinishi bizga maʼlum. Sinishning har bir turi, uning qanday sinishiga koʻra oʻz nomiga ega. Agar suyak yorilib, asosiy qismi darz ketsa, qolgan qismi esa egilsa, bu yorilish deb ataladi. Agar u butunlay sinsa, unda bu oddiy sinish deb ataladi. Suyak sinib, ikkitadan koʻproq qismga boʻlingan holat parchalanib sinish deb nomlanadi. Singan parcha mushak va terini yorib chiqqanda, bunday sinish ochiq sinish deb ataladi.
Singan suyakni tiklash qaysidir maʼnoda singan koʻzani taʼmirlashga oʻxshaydi. Parchalar bir-biriga iloji boricha zichroq birlashtirilishi kerak. Ammo eng muhim farq shundaki, shifokor hech qanday yelim ishlatmaydi, uning vazifasini suyakning biriktiruvchi toʻqima hujayralari bajaradi. Suyak toʻqimasi hayratlanarli darajada oʻz-oʻzini tiklash qobiliyatiga ega. Suyak singanida bu joy atrofidagi suyak va yumshoq toʻqimalar yirtilib, shikastlanadi. Shikastlangan toʻqimalarning bir qismi oʻladi. Singan suyak uchlari va yumshoq toʻqimalar joylashgan butun maydon ivigan qon hamda limfa bilan birlashadi. Singandan bir necha soat oʻtgach, bu quyilib qolgan qon ichida yangi biriktiruvchi toʻqima hujayralari paydo boʻla boshlaydi. Bu suyakni taʼmirlashda birinchi qadam boʻlib xizmat qiladi. Hujayralar tez koʻpayib, kalsiy bilan toʻldiriladi.
Sinishdan 72—96 soat oʻtgach, mazkur hujayralar massasi suyaklarning uchini bogʻlaydigan toʻqimalarni hosil qiladi. Bu yangi hosil boʻlgan toʻqimalarga yanada koʻproq kalsiy toʻplanadi. Oxir-oqibat, bu kalsiy bir necha oy ichida normal suyakka aylanadigan, qattiq toʻqimalarning shakllanishiga yordam beradi. Suyakning singan uchlari siljib ketmasligi va qirralari zich birikib turishi uchun singan qoʻl-oyoqqa odatda gips qoʻyiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.