Qon inson organizmida qanday vazifani bajaradi?
Qonning vazifalari.
2 min
Inson organizmi

Qon tananing barcha qismlaridagi hayot uchun zarurdir. Buni tushunish uchun avvalo qonda juda koʻp turli xil modda va hujayralar mavjudligini bilish kerak. Qonning plazma deb ataladigan suyuq qismi mavjud. U erigan shakldagi koʻplab moddalarni oʻzida saqlaydi.

Keling, ulardan baʼzilarini koʻrib chiqamiz va qanday vazifa bajarishini bilib olamiz. Qondagi uglevodlar, masalan, shakar tanani energiya bilan taʼminlaydi. Turli koʻrinishdagi yogʻlar esa yonish jarayoni yoki zaxira uchun xizmat qiladi. Qonda tananing ehtiyojlari uchun zarur turli xil tuzlarni ham uchratish mumkin. Qon plazmasi hujayralar och qolmasligi uchun ularga oshqozon va ichakdan ozuqa moddalarni yetkazib beradi. Bundan tashqari, qon plazmasi hujayralardagi chiqindilarni buyrak va ichakka olib boradi.

Qonda koʻplab bezlarning ajratmalari ham mavjud boʻlib, ular ham tananing turli qismlariga tarqatiladi. Qonga rang beradigan qizil qon hujayralarida — eritrotsitlarda gemoglobin deb ataladigan modda mavjud. Gemoglobin tanaga juda ham kerak. Chunki u kislorod va karbonat angidrid kabi gazlar bilan osongina birikadi. Eritrotsitlar kislorodni arteriya va kapillyarlar orqali tananing barcha hujayralariga olib boradi. Oq qon hujayralari — leykotsitlar ham inson organizmi uchun katta ahamiyatga ega. Ular bakteriyalarni yoʻq qiladi.

Boshqa xildagi oq hujayralar — limfotsitlar tanadagi bakteriyalarga qarshi kurash jarayonining bir qismidir. Oq hujayralarning yana bir turi — monotsitlar organizmga tushishi mumkin boʻlgan oʻlik toʻqima va yot jismlar bilan kurashadi. Qon hujayralarining yana bir turi — trombotsitlar ham mavjud. Ular yara va jarohatlar yuzaga kelganda koʻp qon yoʻqotilmasligi uchun qonning ivishiga yordam beradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!